Navbatdagi El-Klasikodan bir necha kun o‘tdi hamki, o‘sha uchrashuv haqidagi munozaralar tingani yo‘q. Meni bir tomoni xursand qiladi, balki adashayotgandirman, bilmadim-u, bu safar hakamning qarorlari, futbolchilarning o‘zini tutishi-yu, kiritilgan qarorlardan ko‘ra, o‘yinning taktik jihati haqida ko‘proq gapirilayotgandek. Ya'ni, Zidanning bu o‘yinga yondashuvi, maydonga ko‘pchilik kutganidek, Isko emas, Kovachichning tushirilishi, birinchi bo‘limdagi ustunlikni yanada oshirishga urinish ko‘zga tashlanmayotgani va hokazo. Ya'ni, shunchaki tortishuvlar emas, aslida nima bo‘lganini bilishga urinishlar bordek. Odatdagidek, ikki jamoa muxlislarining o‘zaro haqoratlari o‘rnini, bir jamoa muxlislari orasidagi ikki front egallagandek. Bu yaxshi.
Munozaralar asosan bir savol ustida aylanmoqda: Zidan qo‘rqoqmi?
Sal uzoqdan kelaman, esingizda bo‘lsa, ikki hafta oldin «Old Trafford»da Manchester derbisi bo‘lib o‘tdi. Turnir nuqtai nazaridan o‘sha holat bugungini yodga solib yuborgani uchun ham, aytyapman. O‘yindan bir kun oldin Manchesterda noqulay ob-havo kuzatildi va hatto o‘yinning boshqa kunga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabarlar chiqdi. Angliyadagi tig‘iz taqvimni nazarda tutsak, «boshqa kun» kamidi 2-3 oydan keyin kelishi ham mumkin edi.
O‘shanda «Manchester Yunayted» muxlisi sifatida o‘yinning bo‘lmasligini istadim va bu haqida ijtimoiy tarmoqda ham yozgandim. Negadir o‘shandagi jamoalar orasidagi 8 ochkolik farq juda qaltis tuyulgandi.
Farq yanada kichikroq bo‘lsa, o‘yin yanada qiziqroq o‘tardi. «Manchester Yunayted» o‘zaro o‘ynamasdan turib, kichik jamoalardan barqaror ochko yiqqan holda, balki farqni qisqartirar, ana o‘shanda derbi boshqacha bo‘lar deb o‘yladim. Aytaylik, raqibidan 2-4 ochko ortda borayotgan jamoa o‘z maydonidagi o‘yinni imkoniyat sifatida biladi va nima qilib bo‘lsa ham, g‘alaba qozonishga harakat qiladi.
Yoki aksincha, farq kattaroq bo‘lsa ham mayli. U holda, turnir jadvali o‘yinga ta'sirini o‘tkazmaydi, ta'qibchi jamoa hammasini unutib, hayot-mamotdek maydonga tushishi, hech bo‘lmasa, bir o‘yinda peshqadamdan ustunligini ko‘rsatib qo‘yishga urinadi.
8 ochko esa juda qaltis. Ta'qibchi uchun. G‘alaba deyarli hech narsa bermaydi, mag‘lubiyat esa, go‘yoki, barcha imkoniyatni ko‘madi. Menimcha.
Gap faqat APL yoki La Ligada ham emas. Agar shunday holat mavsum oxirida ro‘y berganida ham, yondashuv boshqacharoq bo‘lardi, bunga ishonaman. Mavsum yarmiga yetmay, asosiy maqsaddan bu qadar uzoqlashish shunchalik xavfliki, bu jamoani izdan chiqaradi, boshqa turnirlarga ham ta'sir o‘tkazadi, futbolchilarni ruhlantirish borasida murabbiyga katta muammo tug‘diradi. Ligadagi har bir o‘yinda turnir motivatsiyasining yetarli bo‘lmasligi fevralda YeChL o‘yinlariga jamoaning yuqori sport formasida yetib borishiga ham salbiy ta'sir o‘tkazadi.

















