Respublika bojxonachilari tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh etishdi, deb xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tish paytida jismoniy shaxslar tomonidan to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida har qanday ko‘rinishdagi va holatdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarning miqdori aniq ko‘rsatilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Istanbuldan uchib kelgan fuqarolar N.Nuritdinova va M.Mirzamaxmudovalar esa tavakkalga qo‘l urib, ayni shu tartiblarni buzishga urinishdi. Ya'ni, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan turib, tilla va zargarlik buyumlarini noqonuniy tarzda olib kirishayotganida to‘xtatib qolindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Xususan, N.Nuritdinova dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati taxminan 100 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 465 gr. og‘irlikdagi, M.Mirzamaxmudova esa taxminan 45 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi 208 gr. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarini bojxona nazoratidan chetlab, olib kirmoqchi bo‘lishgan ekan.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 114 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 2 mlrd. 234 mln. so‘mdan ortiq salkam 37 kg. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyati bojxonachilari esa yirik miqdordagi tilla va zargarlik buyumlarining respublikamizdan olib chiqib ketilishiga chek qo‘yishdi.

Farg‘ona tumanining chegaradosh hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.To‘rayev o‘zi boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinasining o‘rindig‘i ostiga yashirilgan salkam 4 kg. 800 gr. og‘irlikdagi tilla quymalarni boshqa bir shaxs N.Karimovga berayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.