Voqealarga boy bo‘lgan 2017 yil ham tugab bormoqda. Quvonchli, alamli lahzalarga to‘la bo‘lgan davrda futbol olamida ham alohida qayd etish uchun yetarlicha voqealar ro‘y berdi. Tribuna.Uz o‘tgan yilning eng asosiy voqealarini tuzib chiqdi.
Yil jamoasi — «Monako»

Ha, ular quyi diviziondan chiqib darhol chempionatni yutib ketgani yo‘q. Ha ular ketma-ket yigirmatalab o‘yinni yutgani yo‘q, ha ular ketma-ket ikki marta YeChLda g‘alaba qozonishdek ishning yarmini ham bajara olishmadi. Ammo Leonardu Jardim shogirdlari ko‘rsatgan futbol hali hamon futbol turli pullar va shishirilgan imkoniyatlardan ustunroq ekanini ko‘rsata oldi. Katta tezlik, yuqori energiyaga asoslangan futbol evaziga jamoa aqlbovar qilmas pullar sarflayotgan «PSJ»ni chempionatda 8 ochkoga ortda qoldirib ketdi. Yevropa chempionlar ligasi yarim finaliga qadar yetib bordi. Bularning barchasiga ultra-hujumkor o‘yini bilan erishgani tahsinga sazovor.
Ha, aytgancha, jamoa chempionatda ketma-ket 16 uchrashuvda g‘alaba qozonib, Fransiya rekordini o‘rnatdi. Lekin asosiysi bular emas. Eng asosiysi «Monako» bu safar «yulduzlar fabrikasi» rolini o‘ynab berdi va futbol olamiga bir qator yangi yulduzlarni yetkazib berdi. Kilian Mbappe, Bernardu Silva, Benjamen Mendi, Fabino, Toma Lemar, Tiyemue Bakoyoko kabi futbolchilarni bir yil oldin ko‘pchilik tanimasdi. Ammo aynan 2017 yil ular ko‘rsatgan o‘yin bilan ikki marta ketma-ket YeChLda yutgan «Real»ning va total futbol bilan hammani hayron qoldirayotgan, yengilmas «Manchester Siti»ni soyada qoldirib keta oldi.
Yil inqilobi — VAR

FIFA yozda futbolda inqilob — yangi texnologiyalar olib kirilishini ma'lum qildi. Endilikda uchrashuvda hakamlar videotakrorlar yordamida o‘yinlarni boshqarishi mumkin bo‘ldi. Avvaliga Rossiyada o‘tgan Konfederatsiyalar kubogida bu texnologiyalardan foydalanib ko‘rildi. Endilikda Germaniya, Italiya va Shimoliy Amerika milliy chempionatlarida bu tizimdan to‘liq foydalanilmoqda. Ko‘rinishidan o‘yin tempini o‘ldirib qo‘yishi mumkindek ko‘ringan bu yangilik qaysidir o‘rinda odilona qarorlari bilan ham qo‘l keldi. Hozircha ba'zi savollar ham mavjud. Lekin eng asosiysi, kelayotgan yilda futbol olamining eng nufuzli musobaqasi - jahon chempionatida ham bu texnologiyalardan foydalanishi kutilmoqda. Shuningdek, Ispaniya chempionati ham bu borada deyarli bir to‘xtamga keldi. Aftidan, bu tizim butkul yo‘qolib ketmasligi aniq. 2017 yil esa uning tug‘ilishi sifatida tarixda qoladi.






















