Sport | 09:28 / 28.12.2017
10241
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» yangi rekordlar qilishda davom etdi

Foto: Premer liga

«Manchester Siti» APLning 20-turi doirasida «Nyukasl Yunayted»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Nyukasl-apon-Tayndagi «Sent-Jyeyms Park — Sports Direkt Arena» stadionida kechgan bahs mehmonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Kevin De Bryuyne 31-daqiqada to‘pni jarima maydonchasi ichiga yetkazib berdi, Rahim Sterling birga-birga vaziyatga chiqdi va yaqin burchakni nishonga oldi, to‘p ustunga tegdi hamda burchakka borib tushdi.

«Manchester Siti» APLda qatorasiga 18-g‘alabani qo‘lga kiritib, o‘z rekordini yangiladi. Jamoa Angliya chempionatining joriy mavsumidagi 20 uchrashuvda 19 marta g‘alaba qozondi hamda bir bahsda durang natijani qayd etdi.

Bundan tashqari, «Manchester Siti» mehmonda ketma-ket 11 marta g‘alaba qozonib, Angliya oliy divizionlari rekordini takrorladi. 2008 yilda buni «Chelsi» uddalay olgandi.

«Manchester Siti» 58 ochko bilan APL turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi va ikkinchi pog‘onada borayotgan «Manchester Yunayted»ni 15 ballga ortda qoldirmoqda. «Nyukasl» (18) — 15-o‘rinda.

Nyukasl – Manchester Siti 0:1 (0:1, 0:0)
Gol:
 0:1 – 31 Sterling.
Nyukasl – Elliot, Yyedlin, Mbemba (Merino, 77), Lassels, Dammett, Mankilo, Aarons (Atsu, 71), Diame, Shelvi, Merfi, Xoselu (Geyl, 62).
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Kompani (Gabriel Jyezus, 11), Otamendi, Danilo, de Bryuyne, Fernandino, Gundo‘gan, Bernardu Silva (Sane, 83), Aguero (Mangalya, 77), Sterling.
Ogohlantirish: Geyl (75).

Mavzuga oid