O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi sobiq vazir va sobiq boshqarma boshlig‘ining ish uslubini jiddiy tanqid qilgan edi. Shundan so‘ng prezident o‘z nutqida Ostrogorskiy deb kimni aytganiga qiziqish ortdi, internetda prezident tanqidiga uchragan ushbu shaxs muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, Prezident bunda moliya vazirligining davlat byudjyeti bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ella Ostrogojskayani nazarda tutgan.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Ella Ostrogojskaya haqida ayrim ma'lumotlar keltirilgan maqolani e'lon qildi.
Ella Ostrogojskaya aslida kim bo‘lgan?

Foto: Gazeta.kg
Ijtimoiy tarmoqlardagi ma'lumotlarda Ella Ostrogojskayaning aql bovar qilmas darajada «o‘zlashtirib yuborilgan» mablag‘lari va uning chet elda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan farzandi haqida bayon etilgan. Shuningdek, uning chet davlatlarda mulklari borligi va boshqa mamlakat fuqaroligiga ham ega ekani qayd etilgan.
Bizda bu faktlarni tasdiqlovchi ma'lumotlar yo‘q. Qo‘limizdagi rasmiy ma'lumotlar esa quyidagicha:
E. Ostrogojskaya ko‘p yillar moliya vazirligining davlat byudjyeti bosh boshqarmasining boshlig‘i lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida mamlakatimiz iqtisodiyotiga va davlat byudjyetiga katta zarar yetkazgan. O‘zini xon, ko‘lankasini maydon, deb hisoblagan bu amaldor byudjyet profitsiti ko‘rsatkichlarini soxtalashtirish, bu orqali esa soxta obro‘-e'tibor qozonishga harakat qilgan.
Har yili hisobot yilining 15 dekabridan boshlab byudjyet tashkilotlari bo‘yicha barcha turdagi xarajatlarni, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zaruriy to‘lovlarni sun'iy to‘xtatib qo‘ygan. Sobiq vazir bilan til biriktirib, davlat rahbariga yolg‘on hisobot berishni odatiy holga aylantirgan.
Oqibatda hududlarning rejadan oshirib bajargan daromadlari respublika byudjyetiga majburan olib qo‘yilgan. Ularning ustidan hukm o‘tkazib, bosh egib kelmaguncha erkin mablag‘lar qoldig‘i ularning ixtiyoriga qaytarib berilmagan.
















