O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga tegishli bo‘lgan yuzlab muhim tarixiy hujjatlar, shaxsiy buyumlar, rasmlar, suratlar va videomateriallar ilk bor keng ommaga havola etiladi.

O‘zA muxbiri bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvarda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 25 apreldagi "O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorlariga muvofiq izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Ko‘cha va xiyobonlar, me'moriy inshootlar va ta'lim muassasalariga u kishining nomi berildi. Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ma'rifiy seminarlar o‘tkazilmoqda.

– O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi uchun nega aynan Oqsaroy qarorgohi tanlandi?

– Islom Karimov shaxsining tarixiy rolini abadiylashtirish, shuningdek, Ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasini tashkil qilishning tashabbuskori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir. Davlatimiz rahbari majmuani Birinchi Prezidentimizning sobiq qarorgohida joylashtirish, uning ish kabinetini Islom Karimov hayotligida qanday ko‘rinishda bo‘lsa, o‘sha holda o‘zgarmas qilib saqlab qolish taklifini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tarixiy o‘rni va mamlakatimiz ko‘p asrlik o‘tmishidagi ulkan xizmatlarini yuksak hurmat-e'tibor bilan munosib e'tirof etdi. Xususan, davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Birinchi Prezidentimiz o‘tgan asrning 90-yillarida keskin muammolar, millatlararo mojarolar girdobiga tushib qolgan yurtimizni o‘zining yuksak rahbarlik salohiyati, jasorat va matonati bilan mudhish fojialardan omon saqlab qoldi, Vatanimizni katta taraqqiyot yo‘liga olib chiqdi. Bu yo‘lda o‘zining kuch-g‘ayrati, aql-zakovati, bilim va tajribasini ayamadi. Bu, hech shubhasiz, tom ma'noda qahramonlik va fidoyilik namunasi bo‘lib, tariximizda mangu muhrlanib qoladi".

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasining umumiy maydoni 9,6 gektarni tashkil etadi. Majmua Oqsaroy qarorgohi, ko‘rgazmalar zali, kutubxona, anjumanlar zali va ma'muriy binolarni o‘z ichiga oladi. O‘zbek xalqining iftixoriga aylangan Oqsaroyda Islom Karimov muzeyi ham joylashgan.