21:50 / 29.12.2017
21401

O‘zbekiston chempionatining 2018 yilgi mavsum reglamenti tasdiqlandi

O‘zbekistonning professional futbol klublari o‘rtasidagi 2018 yil uchun futbol bo‘yicha musobaqalar reglamenti tasdiqlandi.

PFL sayti xabariga ko‘ra, undan O‘FF hamda PFL bayrog‘i ostida o‘tadigan musobaqalar tuzilishi, formati, qatnashuvchi klublarga qo‘yiladigan talablar o‘rin olgan.

Mana shu talablar haqida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktor Omon G‘ofurov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Superligada ishtirok etadigan klublar endilikda ayollar va futzal jamoasiga ega bo‘lishi shart. Shuningdek, klublar qoshida o‘z akademiyasi ham mavjud bo‘lishi kerak. Bunday talablar o‘z-o‘zidan kelib chiqqani yo‘q. Biz FIFA hamda OFK reglamentini yaxshilab o‘rganib chiqdik. 

Milliy chempionatimiz formati 16ta klubdan 12ta klubga o‘zgartirildi. Endilikda Superliga jamoalari ikki bosqichda, dastlab ikki davradan iborat uy-safar tizimida bahs olib borishadi. Ikkinchi bosqichda esa, jamoalar o‘z o‘rinlaridan kelib chiqib, 1-6 o‘rinlardagi jamoalar hamda 7-12-o‘rinlardagi jamoalar yana ikkita guruhga bo‘linadilar va uy-safar tizimida maydonga tushadilar.

Bunda «oltin ochko» qoidasi amal qiladi. Ya'ni 1-6 o‘rinlarni egallagan jamoalarning 7-12 o‘rinlardagi jamoalar bilan o‘tkazgan uchrashuvlaridagi barcha natijalar chiqarib tashlanadi. 1-6 gacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar ochkolari saqlab qolinadi. Shuningdek, 7-12 o‘rinlardagi jamoalar ochkolari ham xuddi shunday tarzda hisoblanadi.

Pro-ligada 1-o‘rinni egallagan jamoa Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi. Superligada 12-o‘rinni olgan jamoa Pro-ligaga tushib ketadi. Pro-ligadagi 2 va 3- o‘rin egalari Superliganing 10 va 11-o‘rinlardagi jamoalari bilan o‘tish bahslarida ishtirok etishadi.

Shuningdek, Superliga klublarining yoshlar jamoalari U-14, U-16, U-18 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligida ishtirok etadi. PRO-liga yoshlar jamoalari esa U-14 va U-16 toifalarida o‘zaro bahs yuritishadi» - dedi Omon G‘ofurov.

Mavzuga oid
Top