13:07 / 30.12.2017
9063

Qarshida Abul Muin Nasafiy asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Insoniyat o‘z taraqqiyoti davomida hamisha ulug‘ zotlarning ilmu tafakkuri, aql-zakovatidan bahramand bo‘lib kelgan. Ular ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘ldan borgan, ularning buyuk merosidan bahramand bo‘lgan, iftixor qilgan, davom ettirgan.    

Ana shunday buyuk allomalardan biri, Markaziy Osiyodagi to‘rtta asosiy hadisshunoslik markazlaridan biri bo‘lgan - Nasaf shaharida tug‘ilib, voyaga yetgan buyuk siymo Abul Muin Nasafiydir.

Joriy yilning 24 – 25 fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashriflari davomida Abul Muin Nasafiy hazratlarining boy ilmiy asarlari yoshlarning turli yot oqimlardan asrashda, ularning haqiqiy barkamol avlod bo‘lib o‘sishida, el-yurtiga xizmat qiladigan komil, fidoiy insonlar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidlagan edi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tashabbusi bilan islomshunos olim Irgash Daminov tomonidan Abul Muin Nasafiyning “At-tamhid li qavoidi-t-tavhid” (Tavhid qoidalariga kirish) asari keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan holda nashr etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligida tashkil etilgan taqdimot marosimida viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari A.Qodirov, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari I.Inomov, dinshunos olim I.Daminov, Qarshi davlat universiteti professori A. Erkayev, Xoja Buxoriy nomidagi maxsus islom bilim yurti 4-bosqich talabasi A.Qosimovlar so‘zga chiqishib, Abul Muin Nasafiy qoldirgan ilmiy-ma'naviy meros nafaqat o‘z zamonasi, balki turli xil oqimlar, firqalar o‘z buzg‘unchi g‘oya va maqsadlarini davom ettirayotgan hozirgi davr uchun ham dolzarb ekanini alohida ta'kidladilar. Shuningdek, keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan ushbu kitob jamiyatda aqidaviy masalalarda paydo bo‘lgan turli tushunmovchiliklarga barham berish, har xil adashgan guruhlarning noto‘g‘ri, botil aqidalarini aniqlash, ularga qarshi kurashishda allomaning asosli mulohazalari qonuniy – konstitutsion tuzumga qarshi guruhlarga nisbatan g‘oyaviy qurol sifatida xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Ushbu kitobning nashr ettirilishi prezident ta'kidlaganidek, “Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish”da adashgan firqalarning da'volariga, vayronkor g‘oyalarga nisbatan asosli raddiyalar berish imkoniyatini oshirdi.

Top