10:40 / 31.12.2017
8045

Isroil XAMASning yana bir postiga zarba berdi

Foto: AP

Isroil 30 dekabr kechki payt XAMASning G‘azo sektoridagi kuzatuv postiga zarba berdi. Zarba Isroil hududining 29 dekabrda raketalar bilan o‘qqa tutilishiga javoban amalga oshirilgan. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot xizmati bayonotida ma'lum qilindi. 

“Juma kuni Isroilning janubidagi Shaar xa-Negev va Sdot-Negev hududiy kengashlariga otilgan raketalarga javoban Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari XAMAS harakatiga tegishli kuzatuv postiga zarba berdi”, deyilgan bayonotda. Shuningdek, 29 dekabrda Isroilning tanklari va samolyotlari XAMASning G‘azodagi ikki pozitsiyaga zarba bergandi.   

Juma kuni Isroil hududiga G‘azodan kamida 3 ta raketa otilgan. Ulardan ikkitasi Isroilning “Temir gumbaz” havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi tomondan urib tushirilgan, yana bittasini qaytarishning iloji bo‘lmagan, u turar joy binosiga tekkan. “Juma kunidagi jiddiy hodisa Eron radikal va terrorchilik guruhlari orqali, G‘azo aholisi hayotini xatarga qo‘ygan holda vaziyatni yomonlashtirishga urinayotganini yana bir bor isbotladi. Bu esa ko‘p yillik osoyishtalikdan keyin vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi mumkin. Isroil armiyasi ushbu hujum va uning oqibatlari uchun XAMASni javobgar deb hisoblaydi”, deyilgan xabarda. 

Isroil hududining 3 oylik tanaffusdan keyin raketalar bilan jadal o‘qqa tutilishi 6 dekabrda AQSh prezidenti Donald Tramp al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandan keyin yana boshlangan. Dekabrda Isroilga 30 dan ko‘proq raketa otilgan. Ulardan biri Sderot shahridagi bolalar bog‘chasiga tekkan, yana biri shu shaharning ko‘chalaridan biriga tushgan. Isroil bunga javoban XAMASning G‘azodagi 30 ga yaqin harbiy postiga zarba bergan. Buning oqibatida falastinliklardan ikki nafari halok bo‘lgan va 30 ga yaqini yaralangan.

Mavzuga oid
Top