16:30 / 01.01.2018
7433

2017 yilda nodavlat tibbiyot muassasalari soni 4000taga yetdi

2017 yilda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlardan yana biri bu — xususiy tibbiyot sektorini tubdan rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Shu maqsadda qabul qilingan Prezident qarori bilan xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisoslik turlari 50tadan qariyb 130tagacha ko‘paytirildi. Natijada, xorijiy klinikalarning O‘zbekistondagi qo‘shma klinikalari tashkil etilmoqda, deb ta'kidlagan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Shuningdek, gemodializ, laboratoriya tahlili, sterilizatsiya singari tibbiy xizmat turlarini davlat-xususiy sherikchilik asosida — xususiy tibbiyot muassasalariga; tibbiy faoliyat hisoblanmaydigan oshxona, kir yuvish kabi xizmatlarni xususiy sektor ixtiyoriga berish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ular 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etildi. Xorijning nufuzli klinikalaridan kelib faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassislarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida soliqlar bekor qilindi.

Yurtimizda nodavlat tibbiyot tizimiga berilayotgan bunday yuksak e'tibor va imtiyozlar sabab ularning soni bir yil ichida 450taga ko‘payib, qariyb 4 mingtaga yetdi, degan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov vazirlik rasmiy saytida 2017 yil yakunlariga bag‘ishlangan o‘z hisobotida.

Keyingi yilda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda barcha tibbiyot muassasalarini bosqichma-bosqich akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish belgilandi. Poytaxtimizda faoliyatini boshlagan «Akfa medlayn» xususiy tibbiyot muassasasi negizida mamlakatimizda xususiy tibbiyotni rivojlantirish va ularga malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv-davolash markazini tashkil etish, mazkur tibbiyot markazi hamkorligida Koreya Respublikasining oliy ta'lim tibbiyot muassasasi va uning hududiy filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman hokimliklariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholining hududlarga xos kasallanish ko‘rsatkichlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tor yo‘nalishlarga ixtisoslashgan statsionar sharoitdagi xususiy tibbiyot tashkilotlarini ko‘proq tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Top