17:40 / 01.01.2018
34622

BMT Bosh kotibi qizil trevoga haqida e'lon qildi

© EPA-EFE/JUSTIN LANE

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining yangi yil tabrigida «qizil trevoga» haqida e'lon qildi. U insoniyat qarshisida turgan bosh tahdidlarni sanab o‘tgan.

TASS xabariga ko‘ra, u birinchi navbatda dunyodagi tinchlikka yadroviy qurollar tahdid solib turganini qayd etgan. U ayni vaqtda bu tahdid sovuq urush davridan keyingi eng yuqoriga chiqqanini e'tirof etgan.

«Iqlim tez o‘zgarmoqda, notenglik o‘smoqda. Biz inson huquqlari dahshatli darajada buzilishi holatlariga guvoh bo‘ldik, millatchilik va o‘zgalarga toqatsizlik o‘smoqda», — deya qo‘shimcha qilgan Guttterish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo ortga qadam tashladi. U dunyodagi xavfsizlikni ta'minlash uchun jahon davlatlari yetakchilari birlashishi lozimligini qayd etdi.

Dekabr oyi o‘rtalarida The National Interest jurnali Uchinchi jahon urushi boshlanishi mumkin bo‘lgan beshta mintaqani sanab o‘tgandi. Bu ro‘yxat amerikalik professor, mudofaa va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha mutaxassis Robert Farli tomonidan tuzilgandi. Uning fikricha, hozirda eng xavfli hudud Koreya yarim orolidir. Keyingi o‘rinlarda Tayvan, Ukraina, Turkiya va Fors ko‘rfazi nomlari sanalgan.

Top