28 dekabrda Eron shaharlaridan birida tuxum narxining keskin oshishiga qarshi boshlangan noroziliklar 29 dekabrda butun mamlakatga yoyilib, siyosiy tus oldi va 4 kundirki ommaviy namoyishlar davom etmoqda.
Eronda vaziyat qay ahvolda?

Reuters’ga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Mashhad shahrida ko‘chalarga chiqqan fuqarolar mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatdan norozilik bildirishmoqda. Mamlakatda ishsizlik darajasi ortgan, inflyatsiya kuchaygan va ayrim mahsulotlar taqchilligi kuzatilmoqda.
Davlat nashrlari xabarlariga ko‘ra, mamlakatdagi 1200 dan ortiq aholi punktlarida norozilik aksiyalari qayd etilgan.
Mamlakatning Risht, Sheroz, Isfahon, Kirmonshoh va Hamadon shaharlarida yirik namoyishlar o‘tgani haqida ma'lumotlar berilgan. Mashhadda o‘tgan eng yirik namoyishda 52 kishi hibsga olingan.

Politsiya bunday aksiyalarga oldindan ruxsat olinmaganini ma'lum qilib, namoyishchilarni ogohlantirgan. Shuningdek, ommaviy ravishda hibsga olishlar ro‘y bergani aytilmoqda.
Hukumat ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarni blokladi
Mamlakatda ro‘y berayotgan ommaviy namoyishlar fonida fors hukumati Instagram ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjerini blokladi.
«Eron hukumati tinch namoyishchilarning @sedaiemardom (Sadoi mardum) va boshqa kanallarini to‘sib qo‘yish borasidagi so‘rovini ochiq rad etganimizdan so‘ng eronliklarning aksariyat qismi uchun Telegram’ga ulanishni bloklamoqda», — deb yozgan Telegram asoschisi Pavel Durov Twitter’dagi o‘z sahifasida.
Eron hukumati bunday qarorga kelishiga sabab sifatida «mamlakatda tinchlikka erishish va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash»ni ko‘rsatmoqda.
«Biz fuqarolardan noqonuniy aksiyalar uyushtirmaslikni so‘raymiz. Agar ular yig‘ilmoqchi bo‘lishsa, avval ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi», degan Eron IIV rahbari Abdulrizo Rahmon-Fazliy.





















