22:00 / 01.01.2018
13412

To‘xtatilgan va shu bilan birga to‘xtatilmagan «Manchester Siti». APLda tur voqealari

«Tribuna» «Boksing dey» haftasidagi 21-tur o‘yinlarini sarhisob qiladi. Tur uchrashuvlari hali yakunlanmadi, lekin ayni vaqtda esa 22-tur boshlanib ketdi.

Ederson Gvardiolani qutqardi

Foto: Premer liga

Xosep Gvardiolaning «Manchester Siti»si Xosep Gvardiolaning «Bavariya»si rekordini takrorlashi mumkin bo‘lgandi. Buning uchun qatorasiga 19-uchrashuvda ham g‘alaba qozonish talab etilgandi. Ammo Angliya chempionatining 21-turida «Manchester Siti» to‘xtatib qolindi, «Kristal Pelas»ga qarshi juda qiyin kechgan uchrashuvda jamoa 0:0 hisobi bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Shu bilan birga «Manchester Siti» mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. Ushbu o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Sterling Zahaga ishlatgan qo‘pollik tufayli «shaharliklar» jamoasi darvozasiga penalti belgilangandi, ammo Milivoyevichning zarbasini Ederson bartaraf etdi.

Qayd etish kerakki, «Manchester Siti» uchun bu durang natija juda qimmatga tushdi, o‘yin boshida asosiy hujumchi Gabriyel Jyezus jarohat olib safdan chiqdi. Endi u 2 oy jamoaga yordam bera olmadi.

Foto: Twitter

O‘yinning oxirgi daqiqalarida esa jamoaning asosiy futbolchisi Kevin de Bryuyne og‘ir jarohat oldi. U va uning oyoqlariga tashlangan Panchonni ham zambilda maydondan olib chiqib ketishdi.

Foto: Twitter

Hozircha u qancha muddatga safdan chiqqani ma'lum emas.

Mayk Dinning «sovg‘asi»

Foto: BBC

2017 yilning oxirgi o‘yinida «Arsenal» «Vest Bromvich» maydonidan g‘alaba bilan qaytishi mumkin edi, o‘yinning 83-daqiqasida Aleksis Sanches tomonidan jarima nuqtasidan urilgan gol bu g‘alabani ta'minlashi mumkin edi. Ammo o‘yinning oxirgi daqiqasida Mayk Din mehmonlarni xafa qildi, u himoyachining qo‘li to‘pni topmagan, to‘p himoyachining qo‘lini topgan vaziyatda penalti belgiladi.

Chex darvoza markaziga yo‘llangan zarbani qaytar olmadi, Jyey Rodriges jamoasiga bir ochko taqdim etdi. Bu o‘yin Arsen Venger uchun jamoa boshqaruvida APL doirasida o‘tkazilgan 811-o‘yin edi. Endi fransiyalik mutaxassis bu borada Aleks Fergyusonni ortda qoldirib, Angliya rekordchisiga aylandi.

«MYu» hujumchisiz va g‘alabasiz

Foto: BBC

Pep Gvardiola va Yurgen Klopp biroz avvalroq jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, faqat o‘zlarini ayblashlari haqida aytishgandi. Bu yaxshi pozitsiya: murabbiy har bir yo‘qotish uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmog‘i kerak.

Joze Mourino esa boshqacha o‘ylaydi. «Manchester Yunayted» «Sauthempton» bilan o‘yinda ochko yo‘qotdi, o‘yin teng kechgandi. Ammo o‘yindan keyin Mourino darhol o‘yin hakamini aybladi, uning fikricha, hakam Kreyg Pouson «MYu» foydasiga penalti belgilamagandi.

«Yunayted» bu o‘yinda ochko yo‘qotish bilan birga asosiy hujumchisi Romelu Lukakudan ayrildi. Bu futbolchi maydonga qulab hushidan ketdi va uni ham maydondan zambilda olib ketishdi. Endi u kamida ikki o‘yinda jamoasiga yordam bera olmaydi.

Foto: Reuters

Jamoaning yana bir hujumchisi Zlatan Ibrahimovich oldinroq jarohat olgandi va u ikki oygacha maydonga qayta olmaydi.

«Chelsi» ikkinchi o‘rinda

Foto: Premer liga

«Yunayted»ning qoqilishidan «Chelsi» foydalanib qoldi. «Stouk Siti»ni yirik, 5:0 hisobida taslim etgan «Chelsi» endi ikkinchi o‘rinda. Gollardan biriga Drinkuoter mualliflik qildi, bu uning «Chelsi» safida Angliya premer-ligasi uchrashuvida urgan ilk goli bo‘ldi.

Antonio Konte o‘yindan keyingi matbuot anjumaniga shampan vinosi bilan keldi va jurnalistlarni yangi yil bilan tabrikladi. «Men birinchi mavsumdayoq chempionatda g‘olib chiqdim va bu yil mening xotiramda muhrlanib qoladi», dedi u. Ha, bu safar uning jamoasi ikkinchi o‘rinda, ammo «Manchester Siti» ko‘rsatayotgan o‘yinlar hisobga olinsa, bu ham katta yutuq.

Saloh yana qahramon

Foto: Premer liga

«Liverpul» bu turda iroda namoyish etishiga to‘g‘ri keldi. «Lester»ga qarshi o‘yinda yana Muhammad Saloh ikkita gol urib, jamoa joniga oro kirdi. O‘yindan keyin mersisaydliklar futbolchisi Jyeyms Milner shunday dedi: «Menda uni tariflashga so‘z qolmadi».

21-tur o‘yinlari
«Chelsi» – «Stouk Siti» – 5:0 (3:0)
Gollar: Ryudiger, 3 (1:0). Drinkuoter, 9 (2:0). Pedro, 23 (3:0). Villian, 73 – penalti (4:0). Dzappakosta, 88 (5:0).
«Bornmut» – «Everton» – 2:1 (1:0)
Gollar: Freyzer, 33 (1:0). Guyye, 57 (1:1). Freyzer, 88 (2:1).
«Liverpul» – «Lester» – 2:1 (0:1)
Gollar: Vardi, 3 (0:1). Saloh, 52 (1:1). Saloh, 76 (2:1).
«Uotford» – «Suonsi» – 1:2 (1:0)
Gollar: Karrilo, 11 (1:0). Ayyu, 86 (1:1). Narsingh, 90 (1:2).
«Nyukasl» – «Brayton» – 0:0.
«Haddersfild» – «Byornli» – 0:0.
«Manchester Yunayted» – «Sauthempton» – 0:0.
«Kristal Pelas» – «Manchester Siti» – 0:0.
Aniq amalga oshirilmagan penalti: Milivoyevich (KP), 90+2.
«Vest Bromvich» – «Arsenal» – 1:1 (0:0)
Gollar: Makklin, 83 – avtogol (0:1). Rodriges, 89 – penalti (1:1).
«Tottenhem» – «Vest Hem» uchrashuvi 4 yanvar kuni o‘tkaziladi.

Turnir jadvali

Foto: Premer liga
Mavzuga oid
Top