KUN.UZ kirib kelgan yangi yilda jahon hamda qit'amiz miqyosida bo‘lib o‘tadigan va eng kutilayotgan sport tadbirlari ro‘yxatini taqdim etadi.

Futbol bo‘yicha yoshlar (U23) o‘rtasida Osiyo chempionati

Uchinchi bor tashkillashtirilayotgan ushbu turnir 9–23 yanvar kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik yosh futbolchilar saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, uchinchi bor final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan. Qur'ada yoshlarimiz mezbonlar joy olgan «A» guruhiga tushgan. Unda Xitoydan tashqari, Qatar va Ummon terma jamoalari bizga raqiblik qilishadi. Futbolchilarimiz 9 yanvar kuni Qatarga, 12 yanvar kuni Xitoyga va 15 yanvar kuni Ummonga qarshi maydonga chiqishadi.

Qishki Olimpiada

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Yil boshi sport musobaqalariga juda boy o‘tadi. 9 fevraldan 25 fevralgacha Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida XXIII qishki olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi! Butun jahondan millionlab insonlar televizor qarshisiga yig‘ilib, o‘z mamlakatlariga muxlislik qilishadi.

Qishki paralimpiya o‘yinlari

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Olimpiadadan so‘ng odatga ko‘ra, Pyongchangda XII qishki paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. U 9–18 mart kunlari tashkillashtiriladi.

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati

Fevral oyining 1-sanasidan 11-sanasiga qadar Xitoy Taypeyida futzal bo‘yicha XV Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Qit'a turnirining barchasida qatnashib kelayotgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi «V» guruhida musobaqa mezbonlari — 3 karra chempion Yaponiya, bir bor finalchi bo‘lgan Janubiy Koreya va final bosqichida ikkinchi bor ishtirok etayotgan Tojikiston terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futzalchilar 4 bora finalgacha yetib borishgan.