«Sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yo‘q». (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan)

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrdagi Parlamentga murojaatini televizor orqali ko‘rib-tinglab o‘zimni dunyoga yangi kelgandek, yangi dunyoga kirib borayotgandek his qildim. Kechasi bilan uzuq-yuluq uxladim, ertalab ham shu dard vujudni tark etmayotgan edi. Yarim yil–bir yildan beri sudyalarning amalda mustaqil emasligi haqida birnima yozaman, deb oqimga qarshi suzishga jur'at etmay kelardim. Bu qusurni bartaraf etmay turib, sud-huquq islohotlari, huquqiy-demokratik jamiyat qurish quruq gapligicha qolaveradi, fikrimcha. Murojaat ushbu qusurni qog‘ozga tushirishga jur'at bag‘ishladi.

Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam qalamkash hamkasblardan biri hol-ahvol so‘rashib, «advokatlik qilayotganingizga ikki yil bo‘libdi, nechta ishni yutdingiz», deb savol berdi.

Men javob berdimki, advokatning sud muzokarasida qonunlarni ro‘kach qilib himoya nutqi so‘zlab ishni yutib ketishi hind kinolarida bo‘ladi, bizning sudlarda Amerikadan dunyodagi eng zo‘r advokatlar kelib, bir soatdan muzokara nutqi so‘zlasin, uch sudya ularni jimgina tinglab o‘tirishadi-da, so‘ngra 15–20 daqiqa maslahat uyiga chiqib kelib, ertalab yoki kechqurun sud raisi aytgan hukmni o‘qiyverishadi, advokat nima deganining ahamiyati yo‘q!

Suhbatdoshim, umrida sudga ishi tushmagan shekilli, «nahotki?» degandek hayron boqib turardi.

Ming afsuski, nahotki emas, bu — ayni haqiqat. Sud majlisi — spektakl. Sud raisi kimlar bilandir bamaslahat hukm, qaror qabul qilib bo‘lganidan keyin sud majlisi zalida ijro etiladigan spektakl!

Bu spektakl jarayonida sho‘ring qurg‘ur vijdonli va bilimdon advokatning 20–30 minutlab «so‘zlagan» nutqi, zo‘r kelsa, maslahat uyiga kirishdan oldin tanaffusni o‘n-o‘n besh daqiqa o‘rniga ikki-uch kunga, ba'zan «noma'lum vaqt»ga ham cho‘zishga qurbi yetadi, xolos. Baribir, «yuqoridagi» avvalgi qaror, hukm e'lon qilinaveradi. Chunki, qaror qabul qilgan kabinetdagilar sud majlisida sudlanuvchining aybsizligi haqidagi ohu-zorini, guvohlarning ko‘rgazma-dalillarini, himoyachining jonini fido qilib qonunlarni, Oliy sud Plenumining ushbu ishni tartibga soladigan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan qarorlarini kuyinchaklik bilan ta'kidlab so‘zlagan muzokara nutqini eshitgani yo‘q va tabiiyki unda sud majlisida bularni tinglagan sudya hamda prokurorda ro‘y bergani kabi achinish, rahm qilish yoki «erta-indin yuqori instansiyada ish buzilsa menga minus bo‘ladi-ku?!» degan xavotir ro‘y bermaydi. Natijada, «men aytganni qilaver», degan «komanda» sud zalida hukm, qaror tusida o‘qilaveradi, o‘qilaveradi...