O‘tgan yili Samarqandda «Eshaklar qabristoni» paydo bo‘lgani va u yerda ko‘plab eshaklar shafqatsiz so‘yilgani keng muhokama qilingandi. Bunday vahshiylik esa butun dunyoda tarqalgan. Eskilar «umrining yarmini egasiga berib yuborgan» deya ta'riflagan, butun umri xo‘jayinining xizmatida o‘tadigan beozor eshaklar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa hududlarda ham shafqatsizlarcha qirg‘in qilinadi. AQShning birinchi raqamli nashri The New York Times Keniyadan reportaj tayyorladi.
Unda eshaklar yoppasiga o‘g‘irlanayotgani va so‘yilayotgani hikoya qilingan. «Mana shu yer»,- deydi 44 yoshli Morris Neru yaqinda o‘zining uch nafar David, Mukurino va Skrach laqabli eshaklarini qonga bo‘yalgan holda topgan yerini ko‘rsatib.

U bozorda ishlaydi va tirikchiligi eshaklari bilan bog‘liq bo‘lgan. Morris eshaklari yordamida shahardan bozorga yuklarini olib keladi. Uning aytishicha, eshaklarisiz kunlik daromadi 30 dollardan 5 dollargacha kamaygan. Bundan tashqari, bolalari ham maktabga borib-kelishga qiynalishmoqda. Butun dunyodagi millionlab insonlar eshaklardan transport sifatida foydalanishadi, bu uy jonivorlari ularning hayotida muhim hisoblanadi, lekin Xitoyda eshaklardan butunlay boshqa maqsadda foydalanishadi, deb yozadi The New York Times.
Xitoyda anchadan buyon eshak terisidan tayyorlanadigan jyelatin tibbiy vosita sifatida ishlatiladi. Xitoyliklar bu turdagi jyelatin insonning yosharishiga yordam beradi deb ishonishadi. Bunday mahsulot Xitoy do‘konlarida ochiqchasiga sotiladi va «sevib iste'mol qilinadi». Bunday «murabbo»ni xitoyliklar «exiao» deb atashgan. Bunday «eliksirlar» 2010 yilda ommalashishni boshladi. O‘sha vaqtda uning bir futi uchun 9 dollar to‘lashgan. Hozir esa eshak terisidan tayyorlangan 1 fut jyelatin 400 dollar turadi. Nashrning ta'kidlashicha, o‘sha yillarda Xitoyda 11 million eshak bo‘lgan va yangi «eliksir» o‘ylab topilgandan keyin ularning soni 3 milliongacha kamayib ketgan. Chunki, eshak bir yilda bir marta tug‘adi va ular homiladorlik vaqtida abortga moyil bo‘ladi. Ya'ni, ko‘p hollarda xo‘tik tug‘ilmasdan, ona qornida nobud bo‘ladi. Shu sababli, xitoylik eshak qotillari butun dunyodan eshak terilari sotib olishni yo‘lga qo‘yishgan.











