19:20 / 03.01.2018
59239

Prezident raisligidagi navbatdagi videoselektorda yangi yildagi vazifalar muhokama qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 3 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Vazirlar Mahkamasi komplekslari faoliyatini tahlil qilish va yangi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Ma'lumki, davlat rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, hukumat apparati qayta shakllantirilgan edi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi hamda Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi tashkil etilgandi. 

Yig‘ilishda mazkur ikki kompleksning o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, 2018 yilga mo‘ljallangan rejalari va eng ustuvor vazifalari muhokama etildi. 

Prezident kun tartibidagi masalaga tanqidiy yondashib, aksariyat tashkilotlar o‘z faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil eta olmayotgani, qabul qilingan qaror va dasturlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ta'kidladi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ijro organlari ishidagi o‘zgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak. Buning uchun quyi bo‘g‘indagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbar va mutasaddilar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi zamonaviy davlatchiligimizda ulkan o‘zgarish yasagan tarixiy voqea bo‘ldi. Unda 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni bilan birga mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi, bir qancha qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. 

Bu Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar zimmasiga qator vazifalar yuklaydi.

Yig‘ilishda Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi hamda Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksining Murojaatnomadan kelib chiqadigan vazifalari haqida so‘z yuritildi. 

Amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. 

Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish, maktab ta'limi sifatini oshirish, test sinovlari va oliy o‘quv yurtlari faoliyatini takomillashtirish, sportchilarning bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorlash borasidagi ishlarga e'tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. 

Yig‘ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta'minlash, jumladan, qat'iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini kengaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

Prezidentimiz joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish asosida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, 2018 yilda bajariladigan aniq vazifalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. 

Top