Jahon | 10:10 / 03.01.2018
70395
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prokuraturasi Xo‘janddagi palovga nima solinganini ma'lum qildi

Foto: Asia-Plus

Sud-tibbiy ekspertizaning ko‘rsatishicha, Xo‘jand shahridagi 19-kichik tumanda istiqomat qiluvchi to‘rt nafar shaxs nitrat natriydan zaharlanish natijasida vafot etgan. Bu haqda shahar prokuraturasi 2 yanvar kuni xabar berdi.

Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, palovni tayyorlash chog‘ida «natriyli selitra» yoki «chili selitrasi» deb ataluvchi nitrat natriydan foydalanilgan.

«Fojia joyida bu modda qoldiqlari bo‘lgan kichik quticha topildi. Natriyli selitraning o‘limga sabab bo‘lgan dozasi hayotdan ko‘z yumganlar organizmidan topildi», - deya xabar berdi Xo‘jand prokuraturasidagi manba.

Qayd etilishicha, ushbu holat bo‘yicha Tojikiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Halok bo‘lganlar orasida – 57 yoshli Ma'ruf Aliyev, 67 yoshli Komil Zoirov, 52 yoshli Komil Badriddinov, 56 yoshli Nosir Toirov bor. Zaharlanganlarning barchasi shahardagi 19-kichik tumanda joylashgan uylarning birida istiqomat qilganlar.

Natriy nitrat (NaNO3) – rangsiz shaffof kristallar bo‘lib, hidi yo‘q, sho‘r ta'mga ega. Ushbu modda oziq-ovqat, shishasozlik, metallni qayta ishlash sanoati, shuningdek portlovchi moddalar, raketa yoqilg‘isi va olovga sariq rang berish uchun pirotexnik qorishmalarda foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xo‘jandda palovdan zaharlanganlar soni ortayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid