Foto: Eronda «isyon bostirilgani» munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi
4 yanvar kuni Eronning bir qator shaharlarida hukumatni qo‘llab-quvvatlab namoyishlar o‘tkazildi.
The Times of Israel xabariga ko‘ra, Eron davlat televideniyesi mamlakatning 10dan ortiq shahri, xususan, Isfahon, Mashhad va Ardabil shaharlarida minglab kishilar ishtirokida uyushtirilgan tinch mitinglar lavhalarini namoyish etilgan. Bu namoyishlarda jami 42 ming kishi qatnashgan.
Aynan shu shaharlarda bir hafta muqaddam hukumat siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi.
Erondagi ISNA agentligi mamlakat oliy rahbari Ali Xomanaiyning xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiyning so‘zlarini keltirgan. U «eronliklar dushmanga o‘z vaqtida qarshi chiqqani» haqida aytgan. U endilikda xalq hukumatning iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha qarorini kutayotganini qo‘shimcha qilgan.
28 dekabr kuni boshlanib, oxirgi bir hafta mobaynida Tehron, Mashhad, Isfahon va Risht shaharlarida hukumatga qarshi bo‘lib o‘tgan yirik namoyishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 3 yanvar kuni Eron Inqilob qo‘riqchilari korpusi rahbari Muhammad Ali Jafariy «isyon bostirilgani» haqida e'lon qildi.
Politsiya bilan to‘qnashuvlar vaqtida 21 kishi halok bo‘ldi, namoyishlar davomida mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Erondagi voqealar jahon hamjamiyati diqqat-markazida turdi. Xususan, AQSh prezidenti Donald tramp va uning ma'muriyati namoyishchilarni bir necha marta qo‘llab-quvvatladi. Tramp keyinroq, «vaqti kelganida» eronliklarga albatta yordam berajagini aytdi.
Namoyishlarning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga Eron hukumati tomonidan Telegram va Instagram bloklab qo‘yilishi sabab bo‘ldi. Natijada, turli shaharlardagi namoyishchilar bir-birlari bilan aloqa o‘rnata olmay qolishdi.
Mavzuga oid
14:15 / 06.11.2024
Eron: Agar Isroil sulhga rozi bo‘lsa, Tehronning javobi o‘zgarishi mumkin
19:40 / 05.11.2024
Eron ikkita sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
08:50 / 05.11.2024
WSJ: Eron armiya ishtirokida Isroilga «kuchli» hujum tayyorlamoqda
21:37 / 31.10.2024