Jahon | 20:40 / 04.01.2018
14249
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston AQShga «sovuqqon javob» tayyorlayotganini ma'lum qildi 

Foto: Anjum Naveed

Islomobod AQShning Pokistonga terrorchilikka qarshi kurash uchun moliyaviy yordamning yangi transhini taqdim qilishdan bosh tortgani bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganmoqda va bunga javoban “sovuqqon javob” tayyorlamoqchi. Bu haqda Pokiston mudofaa vaziri Hurram Dastgir Xon ma'lum qildi. 

Vashington Pokistonni terrorchilik muammosi xususida “ikkiyuzlamachilik”da ayblab, unga hozircha 255 mln dollarlik yordamni taqdim qilmoqchi emas. Shu bilan birga, AQShning Pokistonga harbiy sohadagi yordami kelgusida qisqarishi mumkinligi aytilgan. 

“Biz vaziyatni har tomonlama o‘rganishimiz kerak. Biz batafsil tahlil o‘tkazmoqdamiz va sovuqqonlik bilan o‘z javobimizni tayyorlamoqdamiz”, deb aytgan Pokiston vakili.

Xonning ta'kidlashicha, gap Pokistonning milliy xavfsizligi haqida ketganda, “hech qanday shubhaga o‘rin qolmasligi lozim”.

“Masala AQSh Pokistonga ziyon yetkazilishi mumkin bo‘lgan vaziyatni vujudga keltirishi-keltirmasligidan iborat. Biz bunga tayyormiz, biroq avvalgidek AQSh bilan hamkorlik qilishni istaymiz”, deb aytgan Xon.

AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda 25,8 mlrd dollarlik xalqaro yordam ajratish rejalashtirilgan. Bu qiymatdan Pokistonga taraqqiyot va gumanitar dasturlar uchun 345 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid