15:50 / 05.01.2018
71870

Shavkat Mirziyoyev zamonaviy dunyoni o‘zgartirayotgan 10 nafar yetakchi ro‘yxatiga kiritildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Dunyo jamoatchiligi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borayotgani barobarida ularga yuqori baholarni ham bermoqda. Mamlakatda kechayotgan hozirgi o‘zgarishlar, xorijlik ekspertlarning fikr bildirishlaricha, nafaqat milliy, balki umumiy xalqaro ahamiyat ham kasb etmoqda, deb yozadi «Jahon» AA.

Jumladan, Turkiyaning yetakchi iqtisodiy nashrlaridan biri - «Derin Ekonomi» jurnalining sharhlovchilari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning birinchi o‘n nafar yetakchisi ro‘yxatiga kiritdilar.

Ta'kidlanishicha, Derin Ekonomi jurnali reytingi Turkiyadagi boshqa bir yetakchi nashr - Yeni Şafak gazetasi tomonidan ham ko‘chirib bosildi.

Mazkur ro‘yxatdan muhim ahamiyatga molik qarorlari bilan o‘z mamlakatlari va mintaqalaridagi mavjud vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan va bu bilan xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta'sir ko‘rsatadigan hamda jahon ommaviy axborot vositalarining «nyusmeykeri», ya'ni ularning diqqat-eʼtibori obekti bo‘lib qolayotgan yetakchilar nomlari joy oldi.

Mutaxassislarning qayd etishlaricha, Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti etib saylangan birinchi kunlardanoq mamlakatni yalpi liberallashtirish, «har yerda hoziru nozir» bo‘lgan huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga solish, diniy e'tiqod erkinligini ta'minlashga qaratilgan chuqur islohotlarni hayotga tatbiq etmoqda.

Ta'kidlanganidek, yangi rahbariyat boshchiligida O‘zbekistonda mamlakatni amalda erkin bozor sari harakatlantirishga hamda tashqi savdo va valyuta siyosatini liberallashtirishga yo‘naltirilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilingani xorijlik sarmoyadorlar uchun respublikaning jozibadorligini oshirdi.

Boshqa davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni tubdan yaxshilash yo‘lini tutgani Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti lavozimidagi eng katta e'tiborga munosib qadamlaridan biri bo‘ldi.

Turk nashrlarida qayd etilishicha, mazkur reytingdan joy olgan o‘n mamlakat yetakchilarining ismi shariflari, ehtimol, shu paytga qadar jahon hamjamiyati uchun taniqli bo‘lmagan, biroq 2018 yili ular «har bir kishiga o‘zlarini tanitishadi».

Top