O‘tgan yilning oktabrida xuddi shu ishni angliyalik futbol eksperti, sobiq hujumchi Gari Lineker qilgandi. "Menimcha, Benzemaga haddan ortiq yuqori baho berib yuborilgan" - degandi u - ""Real"dek kuchli jamoa safida har ikki o‘yinda bir gol urish u qadar katta ish emas. E'tirof etish mumkin, ammo qarsak chalishga arzimaydi". Linekerning bu so‘zlari Benzema haqidagi futbol olamidagi, ayniqsa, jurnalistlar va muxlislar orasidagi umumiy fikrlardan u qadar farq qilmasa-da, katta rezonans berdi. Chunki Benzemaning atrofidagi futbolchilar va juda ko‘p mutaxassislar Linekerdan butunlay o‘zgacha fikrlarni aytib keladilar. 
"U chempionatdagi eng yaxshi hujumchi va dunyodagi eng yaxshilardan biri" - degandi Krishtianu Ronaldu. Benzemaning yana bir jamoadoshi Marseloning fikrini o‘qib ko‘ring: "Bizning himoyamiz Benzemadan boshlanadi, u biz himoyachilarning ishini osonlashtiradi. Raqib futbolchilari jarima maydoni yaqiniga kelganda, ularda hujum qilishga kuch ham qolmagan bo‘ladi"
"U hech qachon Krishtianu kabi bir yilda 60 gol urmaydi. Ammo uning jamoadoshlari bilan birga o‘yini va jamoaga kerakli yo‘nalishda harakatlanishi ajoyib" - bu Zidanning gapi. Xolislik uchun, fransiyalik murabbiyning hali Benzemaga ustoz bo‘lmasidan oldingi fikri olindi. 

Pako Ayyestaran hech qachon Benzema bilan birga ishlamagan, u ham fransiyalik hujumchining ustunliklarini osonlik bilan payqadi. 
"Real" doim Benzema maydonda ekanida yaxshiroq o‘ynaydi. U to‘pni juda yaxshi ushlab tura oladi, hujumdagi har uchala zonada ham qachon va qanday ochilishni zo‘r his qiladi. U to‘pning u jamoadan bunisiga o‘tish jarayonida benazir, shuningdek, maydonning har bir qismida son bo‘yicha ustunlik yarata oladi" - deb Benzemaning o‘yinidan zavq olishini yashirmayda Pako. 
Benzemaning saviyasidagi bahslar shunchaki Linekerning aqlli ispanlar bilan qarama qarshiligi emas, bu yanada kattaroq, futbolga bo‘lgan ikki xil - muxlisona va professional qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatdir. Benzemaning tanqidchilarga qo‘yidagi javobi masalani ko‘proq oydinlashtiradi. 
"Hammasi sizning futbolni qanday tomosha qilishingizga bog‘liq" - degandi u, - "men uchun futbol faqat gollardan iborat emas. Hujumchi jamoaviy o‘yinda ishtirok etishi, jamoadoshlari uchun ochiq zonalar vujudga keltirishi, uzatmalar amalga oshirishi ham kerak. Bilaman, meni doim urishim kerak bo‘lganidan kamroq gol urishda ayblashadi - to‘g‘ri, menga gol urish yoqadi, bunga intilaman, ammo birinchi navbatda jamoaga keltiradigan foydam haqida qayg‘uraman. Eng muhimi shu. Zamonaviy hujumchi jamoasiga gollardan ko‘ra ko‘proq narsani bera olishi lozim"