O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, faollar bilan uchrashgani hamda unda ma'ruza qilgani haqida xabar qilgan edik. Davlat rahbari o‘z nutqida elektr energiyasi va aholini gaz va ko‘mir bilan ta'minlash muammolariga ham e'tibor qaratdi.

““O‘zbekenergo” AJ (Mustafoyev) 2018 yilda viloyatda 349 km elektr uzatish tarmoqlari va 80 ta transformatorni yangidan qurish va rekonstruksiya qilishni ta'minlasin. Elektr o‘chdi, degan narsa Toshkent viloyatiga yot bo‘lishi kerak. Lekin har kuni o‘chadi. Ayniqsa, ro‘za kunlari, mo‘min musulmonlarimiz saharlikka turganida hamma yer zimiston. Qaysi davrda yashayapmiz? Mustafoyev 349 km elektr uzatish tarmoqlari va 80 ta transformator – 6 oyda bajarasan”, - deya ko‘rsatma berdi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek kelgusi yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi elektr energiyasining32 foizi GES hissasiga to‘g‘ri kelishini ma'lum qildi. 

““Kamolot” GESini qurish va 2 tasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 82 mln dollar bo‘lgan investitsiyaga doir 2 ta qarorni imzoladim. Nima uchun gidroelektroenergiya? Mana, Xitoydan 1 mlrd dollar kredit olyapmiz. Umuman O‘zbekistonda kelgusi 5 yil ichida elektr energiyaning 32 foizini GESga o‘tkazamiz. 

Mana Rossiya bilan tarixda birinchi marta AES qurish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Nima uchun? Biz ertangi kunimizni o‘ylayapmiz. Navoiyga yoki boshqa joylarga Yaponiyadan elektrstansiyalarni qurish mumkin. Lekin ular ishlab chiqarayotgan elektr energiyani sotib oladigan jamiyat, odamlar kerak. U qimmat elektr energiya. U zo‘r stansiya, lekin uni sotib oladigan tashkilot bormi O‘zbekistonda? Qaysi korxona, qaysi odam u qimmat elektr energiyani sotib ololadi? Hali biz tayyor emasmiz-ku?

Navoiyda qanaqa elektr energiyasi ishlab chiqarayapmiz? Biz gazni, valyutani yoqib elektr energiyasi ishlab chiqarayapmiz, uning pulini hech kim to‘lamayapti. Nimaga desang, to‘laydigan tashkilotni o‘zi yo‘q. Kimga kerak bunaqa iqtisodiyot? Albatta, bu narsalarni bugun o‘ylaydigan vaqt keldi”, - dedi prezident.

Mirziyoyev, “O‘ztransgaz” AJga rahbariga topshiriq berib, 2018 yil qish mavsumida aholiga uzluksiz va kerakli bosimda gaz yetkazib berish kerakligi, shuningdek suyultirilgan gaz ishlab chiqishni ko‘paytirish va aholini 30 ming dona ijtimoiy gaz balonlari bilan yetarlicha ta'minlash zarurligini uqdirdi. 

“Kelgusi yilda, ko‘mir qazib olish bo‘yicha eng yuqori natijaga chiqamiz. Yiliga 6 mln tonna ko‘mir qazib olinadi. Sharg‘unda katta qo‘shma korxona ochdik. Uning kaloriyasi katta. Uni chet elga eksport ham qilamiz. Shu vaqtgacha ko‘mirni Qozog‘istondan import qilar edik. Xudo xohlasa, kelasi yil import bo‘lmaydi. Kelgusi yil miqdorini ko‘paytirib, narxini arzonlashtiramiz”, - deya ma'lum qildi davlat rahbari.