13:37 / 08.01.2018
21399

Qozog‘iston O‘zbekistonga 100 ming tonna kartoshka yetkazib bergan

Foto: Fotolia

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari o‘rinbosari Nurjan Altayev Facebook’dagi sahifasida issiqxonalarda yetishtirilgan sabzavotlar narxi nimadan kelib chiqib belgilanishini tushuntirib berdi, deb xabar qilmoqda Tengrinews.kz.  

"Bizda issiq mamlakatlar bilan taqqoslaganda yetishtirish uchun xarajatlar ancha yuqori. Sababi, u yerda qishning o‘zi yo‘q, bu esa tannarxga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bizda sabzavotlar issiqxonalarda mavsumlar oralig‘ida yetishtiriladi – bu ham yuqori xarajatlar. Qishdagi qimmat sabzavotlar – bu bizda, afsuski, an'anaga aylanib qoldi. Bunga qo‘shni Rossiyadagi yuqori narxlar ham ta'sir ko‘rsatadi, u yerga bizning janubiy mintaqalarimizdagi issiqxonalarda yetishtirilgan deyarli barcha mahsulot yuboriladi", - deya tushuntirgan vazir o‘rinbosari.

Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik qishda sabzavotlar bilan ta'minlashni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. "Yana bir marta aytmoqchimanki, biz narxlarni tartibga solmaymiz. Biz ishlab chiqarishga ta'sir ko‘rsatishimiz mumkin!" - deya ta'kidlab o‘tdi Altayev. 

Shuningdek, u Qishloq xo‘jaligi vazirligida bu borada qanday ishlab olib borilayotganini aytdi.

"Birinchi navbatda, bu yangi issiqxona xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash – subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va hokazo. Garchi mahsulotlarning katta qismi qo‘shni mamlakatlar bozoriga ketayotgan bo‘lsa ham: bu kartoshka bilan yuz berdi, 100 ming tonnadan ortiq kartoshka qo‘shni O‘zbekistonga yuborildi – u yerdagi baland narxlar tufayli. Tadbirkorlarga ham u yerga sotish foydaliroq.

Keyin, bizda jarayonda – olib o‘tish, saqlash, sotishda sabzavotlar va mevalarning katta qismi isrof bo‘ladi. Yo‘qotishlar 30-50 foizgacha yetishi mumkin. Bu ham narxlarga ta'sir ko‘rsatadi. Sababi shundaki, bizda zamonaviy omborxona majmualari juda kam", - deya ta'kidlab o‘tgan Nurjan Altayev. 

Mavzuga oid
Top