09:07 / 08.01.2018
13891

«Oltin globus-2018». Eng yaxshilar aniqlandi, Spilberg mukofotdan quruq qoldi

AQShning Kaliforniya shtati Los-Anjyeles shahridagi Beverli-Hillzda joylashgan Beverli-Hilton mehmonxonasida «Oltin globus» mukofotlarining 75-tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. NBC telekanali marosimdan jonli translyatsiyani amalga oshirmoqda.

Foto: imdb.com

«Xizmatkor hikoyasi» seriali «eng yaxshi dramatik serial» yo‘nalishida «Oltin globus» laureatiga aylandi. Bosh rol ijrochisi Elizabet Moss ham dramatik serialdagi eng yaxshi ayol roli uchun mukofotni qo‘lga kiritdi. 2017 yilda ushbu serial «Emmi» mukofotiga ham loyiq topilgandi.

Foto: imdb.com

Jyeyms Franko «Oltin globus»ni eng yaxshi komediya aktyori sifatida oldi, bu haqda mukofotning tvitterdagi rasmiy sahifasida xabar berildi.

Franko mukofotni «Baxtsiz bunyodkor» filmidagi roli uchun qo‘lga kiritdi. Bu nominatsiyada shuningdek, Hyu Jyekman («Buyuk shoumen»), Deniel Kaluya («Yo‘qol»), Stiv Karell («Jinslar jangi») va Ensel Elgort («Drayvdagi bolakay») ham kurash olib bordi.

Foto: Pixar Animation Studios

«Koko siri» multfilmi ham «Oltin globus»ni qo‘lga kiritdi. Bu haqda mukofotning tvitterdagi sahifasida xabar berilgan.

Bu nominatsiyada mukofotni qo‘lga kiritish uchun «Boss-go‘dak», «Ferdinand», «Ovchi ayol» va «Van Gog. Muhabbat bilan, Vinsent» multfilmlari ham kurash olib bordi.

Foto: Venice International Film Festival

Angliyalik rejissyor va ssenariynavis Martin Makdonax eng yaxshi ssenariy uchun «Oltin globus» bilan taqdirlandi.

Makdonax «Missuri shtati, Ebbing chegarasidagi uch bilbord» filmining ssenariy muallifi sanaladi. Film ham mukofotlardan birini qo‘lga kiritdi - aktyor Sem Rokuell ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli uchun «Oltin globus» bilan taqdirlandi.

Foto: WDSSPR

Germaniyaning «Chegara yoqasida» filmi esa «Oltin globus»ni «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» yo‘nalishida oldi. Bu nominatsiyada rossiyalik rejissyor Andrey Zvyagintsevning «Muhabbat emas», Anjyelina Joli tomonidan suratga olingan, Kambojaning «Avvaliga ular mening otamni o‘ldirishdi», Chilining «Fantastik ayol» va Shvetsiya, Germaniya hamda Fransiya ishtirokida tasvirga tushirilgan «Kvadrat» kartinasi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

Foto: Reuters

Rejissyor Gilermo del Torro esa eng yaxshi rejissyor sifatida «Oltin globus»ni qo‘lga kiritdi. Del Torro «Suv formasi» filmi uchun mukofot bilan taqdirlandi. Film boshqa yo‘nalishda ham tengsiz deb topildi – fransiyalik bastakor Aleksandr Depla eng yaxshi saundtrek uchun mukofotlandi.

Ushbu nominatsiyada Stiven Spilberg («Maxfiy dose»), Kristofer Nolan («Dyunkerk»), Ridli Skott («Jahondagi barcha pullar») va Martin Makdonax («Missuri shtati, Ebbing chegarasidagi uch bilbord») ham kurash olib bordi.

«Ledi Berd» filmi «Eng yaxshi komediya/myuzikl» nominatsiyasida «Oltin globus» mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu haqda mukofotning tvitterdagi sahifasida xabar berilgan. «Ledi Berd»da bosh rolni ijro etgan aktrisa Sirsha Ronan komediya/myuzikldagi eng yaxshi aktrisa sifatida mukofot bilan taqdirlandi.

Foto: Reuters

Aktyor Geri Oldman ham «Oltin globus» mukofoti laureatiga aylandi. Oldman mukofotni «Qorong‘i vaqt» filmidagi roli uchun qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, nominatsiyada Tom Henks («Maxfiy dose»), Timoti Shalame («Meni o‘z nomingni aytib chaqir»), Deniyel Dey-Lyuis («Sharpa ip») va Denzel Vashington («Roman Izrael, Esq.») ham kurash olib bordi.

Martin Makdonaxning «Missuri shtati, Ebbing chegarasidagi uch bilbord» filmi «Oltin globus»ni eng yaxshi dramatik kartina sifatida qo‘lga kiritdi.

Nominatsiyada mukofot uchun Kristofer Nolanning «Dyunkerk», Stiven Spilbergning «Maxfiy dose», Gilermo del Toroning «Suv formasi» va Luka Guadaninoning «Mening o‘z ismingni aytib chaqir» filmi ham kurash olib bordi.

Frensis Makdormand eng yaxshi dramatik aktrisa, rejissyor va kartina ssenariysi muallifi Martin Makdonax eng yaxshi ssenariy uchun mukofotlandi.

Mavzuga oid
Top