17:44 / 08.01.2018
30602

Prezident Yangiyo‘lda uy sovg‘a qilgan ayol o‘sha kuniyoq respublika kardiologiya markaziga olib kelingan

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, shifoxonadagi bemorlardan biri, bir yilda ikki bolasidan ayrilgan ayolga uy sovg‘a qilgani xabar qilingandi.

“O‘zbekiston 24” telekanalida xabar qilinishicha, ushbu ayol o‘sha kunning o‘zidayoq kardiomobil brigadasi yordamida respublika ixtisoslashtirilgan Kardiologiya markaziga yetkazilgan va bu yerda zudlik bilan dastlabki tashxis-davolash ishlari boshlab yuborildi. 

“Prezidentimizga shunchalik jonkuyarlik, muloqot qilganlari uchun katta rahmat. Men Shavkat Mirziyoyevning yugurib-yelib xizmat qilayotgani, fuqarolar manfaatini ko‘zlayotganidan juda xursandman, bunga chin dildan ishondim. Bunday mehr-muruvvatni ko‘rganingizdan keyin ancha xursand bo‘lib, ravshanlashib, o‘zingizni dadil tutishingiz turgan gap”, - deydi Zulayho Aliyeva.

Telekanal ijodiy guruhi ayol istiqomat qiluvchi qishloqqa borib, uning turmush o‘rtog‘i bilan ham suhbatlashgan. 

“Boshimizdan ketma-ket musibatlarni o‘tkazdik. Allohni marhamati bilan o‘g‘limizdan qolgan zurriyodlarga sovg‘a berishibdi. Umrlari uzoq bo‘lsin, xalqning haqiqiy otasi ekanliklari ko‘rinib turibdi. Bizni uy-joylarga muhtojligimiz yo‘q, lekin nabiralarimizning kelajagini o‘ylab shunchalik sovg‘alar qilishayotgan ekan, Alloh ajrini bersin”, - deydi otaxon.

Top