O‘zbekiston | 20:55 / 08.01.2018
122065
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarni urgan hokim ishdan olindi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev ishdan olindi. Bu haqda bir nechta mustaqil axborot manbalari Kun.uz'ga xabar bermoqda.

Keyingi bir yildan oshiq vaqt davomida Sayxunobod tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Nosirjon Egamberdiyev 8 yanvar kuni ishdan bo‘shatilgan.

Endilikda uning o‘rniga shu vaqtga qadar Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimi lavozimidan ishlab kelgan Botir Mirzaqulov tumanning yangi rahbari etib tayinlandi. Hozircha bu xabar rasman e'lon qilinmadi.

O‘z navbatida Mirzaobod tumaniga Hamidulla Abdullayev yangi hokim bo‘ldi. U bungacha Sirdaryo viloyati prokuraturasining qishloq xo‘jaligi sohasida qonunchilikning ijro etilishi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Nosirjon Egamberdiyev avgust oyi oxirida tumandagi maktablar direktorlarini do‘pposlagani aks etgan video Kun.uz'da e'lon qilingandi. Shundan so‘ng, Sirdaryo viloyati prokuraturasi Egamberdiyevning harakatlarini o‘rganish bo‘yicha surishtiruv ishlarini boshlagandi.

Video: Hokim maktab direktorlarini urdi

28 dekabr kuni Sayxunobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijasi bo‘yicha Nosirjon Egamberdiyevning harakatlarida MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan haqorat qilish, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr qimmatini qasddan kamsitish va 183-moddasi nazarda tutilgan mayda bezorilik, ya'ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish huquqbuzarligi alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi.

Maktab direktorlarini urgan hokim sud qilinadi

Shu bilan birgalikda, Egamberdiyev ham tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat etib, unda 28 avgust kuni tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlab, «qo‘l tekkizganligi» holatini yashirin ravishda video tasvirga olib, ommaviy axborot vositalariga chiqarib yuborib, uni obro‘siga putur yetkazgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragani aytildi.

Shundan so‘ng, «hokimning harakatlarini yashirincha tasvirga olib, tarqatgan» Sayxunobod sanoat kasb-hunar kolleji direktori Komiljon Rahmonovga nisbatan MJtKning 46-moddasi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun ma'muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborilgandi.

Hokim o‘zgalarni do‘pposlayotganini videoga olish mumkinmasmi? Qonunlar bunga nima deydi?

Mavzuga oid