13:10 / 09.01.2018
24094

Kaspiy dengizi sohilidagi suv kutilmaganda qizil rangga kirdi (video)

Foto: Lada.kz

Kaspiy dengizi qirg‘oqlaridagi suv suv o‘tlari tufayli qizil rangga kirgan. Bu haqda Lada.kz Qozog‘iston Ekologiya departamentining Mang‘istau viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Ruslan Tukenovga tayangan holda xabar bermoqda.

Ruslan Tukenovning aytishicha, suv o‘tlarining dengiz qirg‘oqlaridan kengligi masofasi besh metrni tashkil etadi. Uzunligi esa taxminan ikki kilometrga teng.

«OAVda dengizdagi suv qizil rangga kirgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgach, ushbu hududni borib ko‘rdik va laboratoriya uchun namunalar oldik. Ayni damda tahlillar o‘tkazilmoqda. Suv o‘tlari qizil rangga ega, shuning dengizdagi suv ham shunday rangni olgan. U yerda qushlar ham bor bo‘lib, shu suv o‘tlari bilan oziqlanadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ulardan ziyon kelmaydi, bu tabiiy jarayondir. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, suv o‘tlari atrof-muhitni ifloslantirayotgani bo‘yicha yakuniy javob ma'lum bo‘ladi», - deya aytib o‘tdi Ruslan Tukenov.

Mang‘istau viloyatining ekologiya boshqarmasidan xabar berishlaricha, bu joyda hech qanday sanoat korxonalari yo‘q.

«Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bu joyda sanoat korxonalari yo‘q, boz ustiga – u yerda fuqarolar yozda ommaviy hordiq chiqarishadi. Demak, shuni bildirish mumkinki, qandaydir ifloslanish haqida gap borayotgani yo‘q», - deya xulosa qilgan Tukenov.

Top