O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 8 yanvar kuni «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 14 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma'qullangan. Rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiruvchi qonunning maqsadi ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Ushbu Qonunning asosiy vazifalari ma'muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashdan iboratdir.

Qonun ma'muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma'muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma'muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ma'muriy tartib-taomillarning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: qonuniylik; mutanosiblik; ishonchlilik; tinglanish imkoniyatining mavjudligi; ma'muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi; manfaatdor shaxslar huquqlarining ustunligi; byurokratik rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yilmasligi; mazmunan qamrab olish; ma'muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi; teng huquqlilik; ishonchning himoya qilinishi; ma'muriy ixtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi; tekshirish.

Qonuniylik prinsipi - ma'muriy tartib-taomillar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Mutanosiblik prinsipi - ma'muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ta'sir choralari ma'muriy organ tomonidan ko‘zlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.