20:30 / 09.01.2018
51700

Statistika. 2017 yilda narxlar oshishi va 2018 yil uchun prognoz

2017 yilda O‘zbekistonda iste'mol sektorida inflyatsiya darajasi 14,4 foizni tashkil qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Iste'mol narxlari indeksi (INI), mamlakat iste'mol sektorida inflyatsiya darajasini ifodalaydigan asosiy indikatordir.

O‘zbekistonda INI hisoblash tizimi 1994 yilning yanvar oyidan boshlab Xalqaro Valyuta Fondi (XVF)ning texnik ko‘magi asosida amalga oshirila boshladi.

INI «Iste'mol narxlari indeksi bo‘yicha qo‘llanma: Nazariya va amaliyot» (XVF, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish fondi, Yevrostat, EIK, Jahon banki va XMT) uslubiy nizomiga asosan shakllantiriladi.

Hozirgi vaqtda INI hisoblashda iste'moldagi 350 turdagi tovar va xizmatlar to‘plamidan foydalaniladi. Bular uch yirik guruhga – oziq-ovqat (96ta), nooziq-ovqat tovarlari (188ta) hamda xizmatlarga (66ta) bo‘lingan. Shunday qilib INIni hisoblash uchun iste'mol to‘plami, aholi tomonidan eng ko‘p iste'mol qilinadigan tovar va xizmatlar respublikaning barcha hududlari uchun yagona bo‘lgan guruhini ifodalaydi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabarida ta'kidlanishicha, INIni hisoblashda narx omiliga qo‘shimcha ravishda (ya'ni, tovar va xizmatlarning haqiqiy narxini o‘zgarishida) ma'lum tovar va xizmatlarning o‘ziga xos aniq salmoq hissalari ham ta'sir qiladi. Shunday qilib, iste'mol narxlari indeksi bo‘yicha butun mamlakat bo‘ylab tovar va xizmatlarning narxlari harakati xilma-xilligi (o‘rtachalashtirib) umumlashtiriladi.

2017 yilda oziq-ovqat tovarlari 15,9 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 16,1 foizga, xizmatlar 8,6 foizga qimmatlashdi.

Iste'mol narxlari indeksi va inflyatsiya darajasi

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Iste'mol narxlarining o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati 1,1 foizga oshib borishi mahalida, narxlarning sezilarli darajada noyabrda 2,0 foizga va dekabr oyda 2,7 foizga ko‘tarilishi kuzatilib, minimal o‘sish esa iyunda 0,3 foiz va iyul oyida 0,4 foiz qayd etildi.

2017 yil uchun tovar va xizmatlarning iste'mol narxlari indeksi dinamikasi

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

2017 yilda inflyatsiya darajasiga ta'sir ko‘rsatgan omillar

2017 yilda sodir bo‘lgan inflyatsiya jarayonlarining quyidagi asosiy omillarini ajratib ko‘rsatish mumkin:

- devalvatsiya va milliy valyutani erkinlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat inflyatsiya sur'atlarining tezlashishiga olib kelib, tovarlar va xizmatlar narxlarining umumiy o‘sishiga ta'sir etdi.

Xususan, 2017 yilning birinchi yarmida iste'mol narxlari 5,2 foizga oshib, yilning oxirgi to‘rt oyi davomida esa (sentabr – dekabr oylari oralig‘ida) narxlarning ko‘tarilishi 7,6 foizni tashkil etdi. Bu import tovarlar narxlarining oshishi, shuningdek, ichki bozorga o‘z mahsulotlarini yetkazib beradigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining ko‘payishi bilan bog‘liq. Bunga misol, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobillar uchun chakana narxlarning bir yilda o‘rtacha 1,5 barobarga qimmatlashishidir.

Ma'lumot uchun: 2014 yilda Rossiya rublining deyarli 2 barobarlik devalvatsiyasi yillik inflyatsiya darajasi 11,4 foizga o‘sishiga olib keldi (2013 yilda bu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etgan), Qozog‘istonda esa 2015 yilda milliy valyutaning devalvatsiyasi iste'mol narxlarining 13,6 foizga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi (taqqoslash uchun, 2014 yilda mamlakatda inflyatsiya 7,4 foizni tashkil etgan).

- 2017 yil noyabrdagi benzin narxining 39,7 foizga qimmatlashishi, INIning 0,5 foiz darajaga ko‘tarilishiga olib keldi. Shuni ta'kidlash lozimki, amalda benzin narxining o‘sishi bevosita boshqa tovarlar va xizmatlar qiymatining (ularning ishlab chiqarish va tashish xarajatlarining ko‘payishi hisobiga) oshishiga ta'sir qiladi.

- uy-joy kommunal xizmati tariflarning 7,1 foizga oshishi inflyatsiya darajasini 0,4 foizlik darajasida o‘sishini ta'minladi.

Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatda inflyatsiya jarayonlari tezlashishining yana bir omili sifatida aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan kelgusida narxlarni yanada ko‘tarilishidagi kutilishlari, bunga oid obektiv sabablar bo‘lmagan taqdirda ham narxlarning ko‘tarilishlari mumkin. Inflyatsion kutilmalar, iste'molchilarning foydalanish uchun mahsulotlarni zaxiraga ola boshlashlariga sabab bo‘ladi, bu esa narxlarning yanada o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Yoz oylarida inflyatsiya darajasining sekinlashishiga asosiy sabab, bu mavsumiy jarayonlar va meva-sabzavot mahsulotlarining yangi hosildan bozorlarni to‘yintirilishi bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida meva va sabzavotlar narxlarining pasayishiga olib keldi (iyun oyida - 13,8 foizga, iyulda - 14,9 foizga, avgustda - 4,6 foizga).

Tovarlar va xizmatlar narxlarining umumiy iste'mol narxlari indeksining o‘sishiga ta'sirining tarkibi

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Oziq-ovqat mahsulotlari uchun iste'mol narxlari indeksi

Yuqorida aytib o‘tilganidek, oziq-ovqat mahsulotlari yilda o‘rtacha 15,9 foizga qimmatlashdi, bu o‘z navbatida iste'mol narxlari indeksining umumiy o‘sishini 6,9 foiz darajasiga olib keldi.

Yil davomida narxlarning o‘zgarish dinamikasi bir maromda bo‘lmadi: mavsumiy tendensiyalar bilan bog‘liq holda iyun va iyul oylarida oziq-ovqat narxlari 1,0 foiz va 0,7 foizga pasaydi, 2017 yilning dekabr oyida esa narxlar oshishining eng yuqori ko‘rsatkichi kuzatildi (oy uchun 4,4 foiz).

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun iste'mol narxlari o‘zgarishi quyida keltirilgan:

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi 2017 yil yanvar-dekabr oylari uchun (2016 yil dekabriga nisbatan)

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

INI o‘sishining umumiy ta'siri 6,5 foiz darajani tashkil etdi

2017 yilda loviya narxlari 42,4 foizga, tuxum 36,1 foizga, mol go‘shti 35,9 foizga, no‘xat 33,2 foizga, parranda go‘shti 33,1 foizga, qo‘y go‘shti 31,4 foizga, shakar 28,8 foizga, margarin 21,3 foizga, sut 20,6 foizga, sariyog‘ 19,9 foizga, tvorog 18,5 foizga, qahva va choy - 17,0 foizga, guruch 16,2 foizga, o‘simlik moyi 15,3 foizga, pishloq 15,1 foizga, qandolat mahsulotlari 14,0 foizga, un 10,4 foizga o‘sdi.

2017 yilning dekabr oyida respublika viloyatlarida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlari orasidagi tafovut saqlanib qoldi:

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Respublika hududlari orasida mol go‘shtining eng yuqori va eng past narxli orasidagi farq 1,3 barobar, quy go‘shtida - 1,5 barobar, guruchda - 2,0 barobar va kartoshkada - 1,3 barobar.

Nooziq-ovqat tovarlari iste'mol narxlari indeksi

2017 yilga kelib nooziq-ovqat tovarlari 16,1 foizga oshib, bu esa INIning 5,7 foiz darajasida o‘sishiga olib keldi.

Ushbu guruh tovarlari narxlarining o‘sish dinamikasi nisbatan barqaror tendensiya bilan tavsiflanadi:

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Kiyim-kechak, poyabzal, gazlama va maishiy to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish mollari, madaniy mahsulotlar, shaxsiy gigiyena mahsulotlari, shaxsiy transport va benzin narxlarining oshishi jami INIning 27,4 foizga teng bo‘ldi yoki inflyatsiyaning umumiy o‘sishiga 4,0 foiz darajasida ta'sir qilib, bu quyidagi diagrammada aniq ko‘rsatilgan:

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

INIni umumiy o‘sishiga ta'siri 4,0 foiz darajani tashkil etdi

Xizmatlar bo‘yicha iste'mol narxlari indeksi

Mamlakat aholisiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha narxlar va tariflar yil davomida o‘rtacha 8,6 foizga oshdi, bu esa, INI umumiy 1,8 foiz darajasida o‘sishiga olib keldi.

Ushbu sohadagi asosiy inflyatsiya omillari aloqa xizmatlari tariflarini 23,9 foizga, yuridik va bank xizmatlari 15, foizga, maishiy xizmatlar 8,3 foizga, uy-joy kommunal xizmatlari 7,1 foizga, yo‘lovchi tashish transport xizmatlari 6,9 foizga o‘sib, INIning umumiy o‘sish sur'atiga 1,4 foiz darajasida ta'sir ko‘rsatdi (ta'sir ulushi 9,9 foiz).

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Ekspertlarning 2018 yil uchun prognozlari

Xalqaro valyuta fondi ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda respublikada inflyatsiya 14,3 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki 2018 yilda inflyatsiya darajasi 11,5 - 13,5 foiz oralig‘ida bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Bizni 2018 yilda nima kutmoqda?

Bugungi kunda ushbu masala mamlakat aholisi uchun juda muhimdir.

Inflyatsiya - iqtisodiy o‘zgaruvchan o‘lcham bo‘lib, u ko‘plab omillar ta'sirida bo‘ladi, jumladan:

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tabiiy gaz va elektr energiyasi etkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1025-sonli qaroriga asosan, 2018 yilda qurilish materiallari narxi oshishi kutilmoqda, bu esa nooziq-ovqat tovarlar narxlari indeksining o‘sishiga va umumiy inflyatsiya darajasiga ta'sir etishi kutilmoqda;

- 2018 yilda narx-navo dinamikasini belgilovchi yana bir omil bu dollar kursi;

- yuqorida ta'kidlanganidek, aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan kelgusida narxlarning ko‘tarilishidagi inflyatsion kutilmalari, malakatdagi narxlarning holatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Top