Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va Beshariq tumanlari chegaradosh hududda joylashgan Bekobod qishlog‘i (O‘zbekiston tumaniga qarashli) aholisi ichimlik suvi muammosi bilan yashab kelmoqda. «Kun.uz»ga murojaat qilgan qishloq aholisi vaziyatni atroflicha bayon etgan.
«Chekka qishloqqa suvning ham chekkasi yetib kelgan. Yo‘q, oldin bunday emas edi. Bekobod qishlog‘i ilgari suvdan qiynalmagan. 60-yillarda 200 metr chuqurlikdan ochilgan quduq chuchuk suvni kattagina qishloqqa quvur va qirqqa yaqin vodoprovod krani vositasida yetkazib bergan. Bundan 10 yilcha oldin shu suv chiqmay qoldi. Mutaxassislarning aytishicha, yer ostidagi suv zaxirasi tugadi», deyiladi murojaat xatida.
Shundan keyin ishloqda yashovchi yuzlab xonadon, shuningdek, shu hududdagi Katta Tagob va Kichik Tagob qishloqlarining bir qismi quyidagi suratlarda keltirilgan ikki jo‘mrakdan suv tashib ichishga mahkum bo‘lib qolgan.




Bu jo‘mraklar oldida doimiy navbatlar hosil bo‘ladi, aholi mashina, eshak arava, va velosiped orqali chelak, 5-10 litr sig‘imli yelim idishlar, plastmassa va temir flyagalarda suv tashiydi.






















