Jahon | 00:35 / 10.01.2018
17944
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘sulda qo‘lga olingan IShID jallodi pora evaziga qo‘yib yuborildi – OAV

Foto: palestinetoday

Omma oldida odamlarni qatl etishda ishtirok etgan, IShIDning “Oq soqol” laqabi bilan ma'lum bo‘lgan jallodi Abu Umar Mo‘sulda qo‘lga olingan, biroq pora evaziga qo‘yib yuborilgan. Bu haqda mahalliy hukumat vakili Zuhayr Xazzin al-Jobiriy ma'lum qildi. 

Uning aytishicha, jallod Mo‘suldagi politsiya bo‘limlaridan biriga yetkazilgan, biroq u yerni 7,5 ming dollar pora berib tark etishga muvaffaq bo‘lgan. 

Al-Jobiriy jallodni qo‘yib yuborgan politsiyachilarga qanday chora ko‘rilganini ma'lum qilmagan. 

“U hibsga olingandan keyin ko‘chada mototsiklini qoldirgandi. Bir soatdan keyin biz mototsikl yo‘qligini ko‘rganmiz. Biz nima bo‘lganini so‘raganimizda, uni 7,5 ming dollar pora evaziga 10 daqiqa oldin ozod qilishgani haqida javob olganmiz”, deb eslaydi voqeani Al-Jobiriy.

Abu Umar qo‘lga olingani 2 yanvarda ma'lum bo‘lgan. O‘shanda politsiya jallodning joylashgan o‘rni haqida shahar aholisidan ma'lumot olgani ma'lum qilingan. 5 yanvarda Iroq hukumati aynan “Oq soqol” qo‘lga olinganini rasman tasdiqlagan. 

Umar IShID tomondan uyushtirilgan bir nechta qatllar videoyozuvida qayd qilingan. Xususan, u 2015 yilgi qatl videoyozuvida shakkoklikda ayblangan uch kishiga chiqarilgan hukmni o‘qigan. Shundan keyin ayblanuvchilar qatl etilganlar. U, shuningdek, o‘lim jazosiga mahkum qilinganlar toshbo‘ron qilingan rolikda ham ko‘ringan. 

Mavzuga oid