O‘zbekistonda fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibi soddalashtiriladi, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlari ta'minlanadi. Bu haqda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, 2018 yil 1 aprelga qadar bu borada normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda:

vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish;

mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma'muriy javobgarligini bekor qilish;

vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma'muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutiladi.

Tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ustida Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, IIV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish olib boradi.