Jahon | 12:30 / 10.01.2018
17093
2 daqiqa o‘qiladi

«Vaziyat juda og‘ir». Tunis rahbariyati aholiga murojaat bilan chiqdi

Foto: Reuters

Tunis bosh vaziri Yusuf Shahid respublika fuqarolarini mamlakatdagi inqirozdan chiqish uchun ba'zi qurbonlarga borishga chaqirdi. Bu haqda u seshanba kuni Shems FM radiostansiyasi efirida ma'lum qilgan.

"Tunis fuqarolari shuni tushunishi kerakki, ular mamlakat bu murakkab davrdan o‘tishi uchun ba'zi qurbonlarni keltirishi lozim", - deya ta'kidlab o‘tgan hukumat rahbari. "Shuningdek odamlar tushunishi lozimki, Tunisdagi vaziyat – favqulodda, mamlakat qiyinchiliklar girdobida qoldi, biroq bizning fikrcha, 2018 yil tunisliklar uchun eng so‘nggi murakkab yil bo‘lib qoladi", - dedi Shahid.

"Bugun barcha fuqarolar zo‘ravonlik aktlarini tugatishi va muloqotga o‘tishi kerak, bu vaziyatdan chiqishning yagona varianti sanaladi, - deya murojaat qildi bosh vazir. – Zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, biz qonun kuchini qo‘llashga majburmiz. Biz tinch norozilik namoyishlarida ishtirok etayotgan barchani hurmat qilamiz va himoya etamiz".

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Tunisda xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar vaqtida bir kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, norozilik namoyishlari Tunisdan taxminan 40 kilometr masofadagi Teburbda boshlangan. To‘qnashuvlar natijasida besh kishi jarohat oldi va shifoxonaga olib ketildi. Narxlar hamda soliqlarning oshishiga qarshi norozilik namoyishlari Tunisning 10 shahrida bo‘lib o‘tgan. 

"Kamida 44 kishi sovuq qurolni saqlash, talonchilik uchun qo‘lga olindi, - deya aytib o‘tdi IIV rasmiy vakili polkovnik Xalifa Shiboniy. – Dushanba kuni norozilik namoyishlari qatnashchilari ikki politsiya uchastkasini yoqib yubordi, do‘konlar va banklarni taladi".

Mavzuga oid