O‘zbekiston | 11:50 / 11.01.2018
27652
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonga Shavkat Mirziyoyev sovg‘a qilgan avtobus va traktorlar topshirildi 

Foto: O‘zA

Joriy yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maxsus vakili I.Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistondagi Hayraton shahriga tashrif bilan bordi. Delegatsiya afg‘on tomoniga 25 ta avtobus, 3 traktor va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha boshqa texnikani beg‘araz asosda topshirish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda afg‘on tomonidan Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti devonining moliya boshqarmasi boshlig‘i Ahmad Vafo Amin, transport vaziri Muhammad Hamid Taxmosi, ta'lim vaziri o‘rinbosari Ahmadseyr Mahjur, Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Muhammad Bashir Tavhidiy, Afg‘onistonning shimoliy viloyatlaridagi jamoatchilik va biznes doiralar vakillari ishtirok etdi.

I.Ergashev o‘z nutqida ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi an'anaviy tarixiy do‘stlik aloqalarini qayd etib, O‘zbekiston rahbariyati yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash, barcha sohalarda qardosh Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat berayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdor ekani bildirildi, rasmiy Toshkent qo‘shni davlatning iqtisodiy va transport infratuzilmasini tiklashga yordam berishda davom etishi aytildi.

Tantanali marosim ishtirokchilari O‘zbekistondan afg‘on xalqiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi narxining sezilarli pasayishi haqidagi ma'lumotni katta xursandchilik va quvonch bilan qarshi olishdi.
 
Tadbir ishtirokchilari Sh.Mirziyoyevga avtobuslar va traktorlar beg‘araz asosda berilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirishdi. Ta'kidlanishicha, ushbu voqea O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqi va hukumatiga nisbatan do‘stona munosabati yorqin namunasidir. O‘zbekiston tomonidan berilgan avtobuslar afg‘on bolalarini maktablarga olib borishni ham yengillashtiradi. O‘zbekiston delegatsiyasining huzurida Hayraton shahri ma'muriyatiga uchta avtobus topshirildi.

Mavzuga oid