00:44 / 11.01.2018
16869

Hindistonda anomal sovuqlar sababli bir kunda 40dan ko‘proq odam halok bo‘ldi

Foto: AFP 2017 / Tauseef Mustafa

Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida anomal sovuq havo sababli bir kunda 40dan ko‘proq odam halok bo‘ldi. Bu haqda IANS axborot agentligi xabar berdi. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi boshpanasizlar bo‘lgan.

Oxirgi hafta ichida shtatda rekord darajadagi sovuq havo qayd qilindi. Ba'zi hududlarda harorat 2,9-7,5 darajagacha pasaygan. Markaziy issiqlik ta'minoti yo‘q bo‘lgan Hindiston uchun bu muammodir. Bu yerda 5 yanvardan boshlab sovuqdan 143 kishi halok bo‘lgan.

Havo frontlari uchrashishi va yuqori namgarchilik quyuq tuman paydo bo‘lishiga olib kelgan va u shtatdagi temir yo‘l harakatini izdan chiqargan. 10 yanvar ertalabi holatiga ko‘ra, ko‘plab hududlarda ko‘rish darajasi 15-20 metrdan oshmagan. Shu sababli o‘nlab poyezdlarni jo‘natish bekor qilingan yoki qoldirilgan. Bundan tashqari, shtatda tuman sababli bir nechta yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. YTHlar oqibatida kamida 5 kishi halok bo‘lgan.

Maktablarda mashg‘ulotlar bekor qilingan. Ob-havo mutaxassislarining prognoziga ko‘ra, bunday ob-havo shtatda yana 2 kun saqlanib qoladi.

Top