«Manchester Siti» Sanchesdan voz kechgani yo‘q, «Liverpul» Koutinoga o‘rinbosar izlamoqda, «Chelsi» Ross Barkli transferi mojarosi bilan band, Arsen Venger esa o‘ziga xos harakat qilib, Gretsiyadan 2 million yevrolik futbolchi olib keldi. Bu jamoalar fonida «Manchester Yunayted» biroz passiv ko‘rinishi tabiiy. Qishki transfer darichasini unchalik xush ko‘rmaydigan Joze Mourino bu farazni isbotlab, o‘tgan yanvarda ham umuman hech kimni sotib olmagandi.
Lekin ushbu mavsumda jamoaning maqsadlari yuksakroq – «MYu» 2-4 o‘rinlar uchun ayovsiz jang qilish va Chempionlar Ligasida ham uzoqroqqa borishni maqsad qilgan. Ba'zi futbolchilarning jarohati va ishonchni oqlay olmayotganliklari esa, ba'zi pallalarda «Yunayted» tarkibida muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Buni Mourinoning o‘zi ham tan oldi va odatga xilof ravishda yanvarda ham bir qator transferlar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi.
«MYu» hozirda ikki qanot himoyachisiga, shuningdek markaziy yarim himoyachiga ham ehtiyoj sezmoqda. Lekin eng ko‘p muhokama qilinayotgan pozitsiya jamoaning o‘ng qanot hujumchisi yoki vingeriga bo‘lgan talabidir. Aynan bu pozitsiya ko‘proq muhokama bo‘lishi tabiiy, sababi, maydonning aynan shu nuqtalarida yulduz futbolchilar to‘p suradi.
Garet Beyl, Paolo Dibala yoki Antuan Grizmann kabi orzularni bir chetga surib, «Yunayted» aynan mana shu yanvarda sotib olishi haqiqatga yaqinroq bo‘lgan nomzodlar haqida suhbatlashamiz.
MeSUT O‘ZIL (Arsenal) – 29 yosh
2017/18 mavsumda: 18 o‘yin, 4 gol, 5 assist
Taxminiy transfer qiymati: 30 million funt

Germaniyalik futbolchi «Arsenal» bilan yangi shartnoma tuzgani yo‘q va bu ish amalga oshmasa ham kerak. Buning natijasida transfer qiymatini yuqori bo‘lmasligi, shuningdek, tajribali futbolchi sifatida O‘zil «Yunayted»ga ilk kunlardanoq yordam bera boshlashini e'tiborga olsak, yomon variant emas. O‘zil Joze Mourino bilan «Real»da ham birga ishlagan va aytish kerakki, futbolchining Madriddagi eng yulduzli onlari ham o‘sha davrga to‘g‘ri kelgandi.
O‘zil har ikki qanotda ham o‘ynay oladi, tezkor qarshi hujumlar tashkil qilish va o‘yinni nazorat qilish bo‘yicha Xuan Mata yoki Mxitaryandan ustunroq. «Arsenal» va O‘zil bu mavsum Chempionlar Ligasida qatnashmadi, demak Mesut Chempionlar Ligasida ham foydalanish bo‘lgan yulduzli transferlardan biri bo‘lishi tabiiy. Balki yozni kutib, futbolchini tekinga qo‘lga kiritish ham mumkindir, ammo u paytgacha vaziyat o‘zgarishi, futbolchi uchun yangi talabgorlar paydo bo‘lishi mumkinligini ham esdan chiqarmaslik kerak.




















