Jahon | 11:20 / 11.01.2018
24275
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston IIV rahbari prezidentdan so‘nggi ogohlantirish oldi

Foto: habartm.org

Turkmaniston ichki ishlar vaziri Iskandar Mulikovga so‘nggi ogohlantirish bilan qat'iy hayfsan berildi. Turkmaniston prezidenti matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident Gurbanguli Berdimuhamedov bu haqdagi tegishli buyruqni 10 yanvar kuni Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishi davomida imzolagan. 

Mamlakat IIV rahbariga qat'iy hayfsan «xizmat vakolatlarini yetarli darajada bajarmaslik, kadrlar tanlash va ularni joylashtirishda yo‘l qo‘ygan xatolari» uchun berildi, deyiladi xabarda.

Xabarlarga ko‘ra, Turkmaniston ichki ishlar vaziri so‘nggi paytlarda prezident tomonidan ayovsiz tanqid qilinmoqda va uning o‘zi o‘tgan yili iste'foga chiqishga bir necha marta uringan.

O‘tgan yil davomida ikki bora qat'iy hayfsan olgan 43 yoshli Iskandar Mulikov sog‘ligi yomonlashganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, respublikaning sobiq bosh prokurori Omonmurod Xalliyev o‘tgan yilning may oyida Berdimuhamedov tomonidan ishdan olingandi. O‘shanda Mulikov ham prezidentdan qat'iy hayfsan olgan. Turli xabarlarga ko‘ra, Xalliyev ishdan bo‘shatilganidan so‘ng kuch mahkamalarining o‘n nafar sobiq xodimi bilan birga qamoqqa olingan. Xalliyevning keyingi taqdiri haqida ma'lumotlar yo‘q.

43 yoshli Iskandar Mulikov esa Turkmaniston Ichki ishlar vazirligini 2009 yilning 29 may kunidan beri boshqarmoqda. U bu lavozimga 34 yoshda tayinlanib, eng yosh ichki ishlar vaziriga aylangan va o‘z lavozimini avvalgi «hamkasblari»dan ancha uzoq vaqt davomida egallab kelmoqda.

Mavzuga oid