O‘zbekiston | 18:55 / 11.01.2018
28948
2 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyat deb hisoblanmaydi

Foto: Depositphotos

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda

35-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
 
«Quyidagi holatlar, ya'ni kam ahamiyatli qilmishlar; zaruriy mudofaa; oxirgi zarurat; ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash chog‘ida zarar yetkazish; buyruqni yoki boshqacha tarzdagi vazifani bajarish; kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik; jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish natijasida qilmish sodir etish jinoyatni istisno qiluvchi holatlar deb topiladi»;

38-moddaning beshinchi qismi chiqarib tashlandi.

Quyidagi mazmundagi 411-modda bilan to‘ldirildi:

«411-modda. Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud qo‘rqitish

Jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qo‘llash bilan qo‘rqitish natijasida ushbu Kodeks bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga zarar yetkazilishi, agar bunday majburlash yoxud qo‘rqitish oqibatida shaxs o‘z harakatlarini (harakatsizligini) boshqara olmagan bo‘lsa, jinoyat hisoblanmaydi.

Ushbu Kodeks bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlarga jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qo‘llash bilan qo‘rqitish natijasida zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi masala, agar bunday majburlash yoki qo‘rqitish oqibatida shaxs o‘z harakatlarini (harakatsizligini) boshqarish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lsa, ushbu Kodeks 38-moddasining qoidalari inobatga olingan holda hal etiladi».

Mavzuga oid