21:10 / 15.01.2018
9557

AQSh kurdlar armiyasini tuzishi haqidagi xabarlar fonida Turkiya harbiylarini Suriya chegarasiga ko‘chirmoqda

Foto: Anadolu

Turkiya harbiy texnikasini Suriya bilan chegara hududiga ko‘chirishni davom ettirmoqda. Bu AQShning Suriya shimolidagi kurdlarni qurollantirishi haqidagi bayonotidan keyin amalga oshirilmoqda.

Anado‘lu agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Turkiyaning chegaradagi viloyati Xatayning Rayhonli tumaniga 24ta harbiy texnika yo‘llangan. Agentlikning qayd etishicha, turkiyalik harbiy xizmatchilar tunu kun Suriyaning Afrin tumanini kuzatib turishibdi. Yakshanba kuni ham Turkiya Suriya bilan chegara hududiga harbiy texnikalar, jumladan, 5ta tank jo‘natgandi.

14 yanvar kuni Iroq va Suriyadagi AQSh boshchiligidagi koalitsiya tarkibidagi Inherent Resolve amaliyoti shtabi rahbari, polkovnik Tomas Vil AQSh Suriya chegarasida xavfsizlik sharoitlarini yaratishni maqsad qilgani haqida ma'lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda tinchlikni ta'minlash uchun tashkil qilinadigan tashkilot harbiylari soni 30 ming kishini tashkil qiladi.

Shu kuni Turkiya TIV amerikaliklarning bu tashabbusini qoralab chiqdi. Anqara Suriyaning Afrin tumaniga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Keyingi vaqtlarda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bir necha marta Afrinda harbiy amaliyot o‘tkazilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bundan avvalroq Rajab Erdo‘g‘an Suriyada «istalgan daqiqada» harbiy amaliyot boshlash bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgandi.

Top