O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisi soni 2018 yil 1 yanvar holatiga 32,65 mln kishini tashkil etib, 2017 yilda 533,4 ming kishiga yoki 1,7%ga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, shahar aholisi soni 16,53 mln kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,6%), qishloq aholisi soni 16,12 mln kishini (49,4%) tashkil etdi.

Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2018 yil 1 yanvar holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida 3,71 mln kishini (respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4%ni) tashkil etib, keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyatida 3,62 mln kishini (11,1%), Qashqadaryo viloyatida 3,14 mln kishini (9,6%), Andijon viloyatida 3,01 mln kishini (9,2%) tashkil etdi.

2018 yil 1 yanvar holatiga aholisi soni 3 mln kishidan oshgan hududlar soni 4 tani tashkil etdi.

2017 yilda 715,5 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 22,1 promilleni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 0,7 promillega kamaydi (2016 yilda 22,8 promille bo‘lgan).

Tug‘ilish koeffitsiyenti 2016 yilning mos davriga nisbatan Surxondaryo viloyatida o‘sgan (25,7 promilledan 25,9 promillega) bo‘lib, sezilarli darajada kamayish esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,9 promilledan 20,7 promillega), Farg‘ona (22,2 promilledan 21,0 promillega), Toshkent (20,3 promilledan 19,2 promillega), Xorazm (22,2 promilledan 21,0 promillega), Buxoro (20,9 promilledan 20,0 promillega) va Jizzax (24,5 promilledan 23,6 promillega) viloyatida kuzatildi.

2017 yilda jami 715,5 ming nafar bola tug‘ilganganligi qayd etilgan bo‘lib, shundan onasining yoshi bo‘yicha tug‘ilganlarning 280,8 ming nafari (jami tug‘ilganlarga nisbatan 39,2%) 20-24 yoshlardagi ayollar, 248,1 ming nafari (34,7%) 25-29 yoshdagi, 122,3 ming nafari (17,1%) 30-34 yoshlardagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2017 yilda 161,5 ming o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 5,0 promilleni tashkil etib, 2016 yilning mos davriga nisbatan 0,1 promillega oshdi (2016 yilda 4,9 promille bo‘lgan). 

O‘lim koeffitsiyenti 2016 yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada o‘sishi Andijon (5,1 promilledan 5,4 promillega), Jizzax (4,2 promilledan 4,4 promillega), Qashqadaryo (4,1 promilledan 4,3 promillega), Namangan (4,7 promilledan 4,9 promillega), Surxondaryo (4,3 promilledan 4,5 promillega) va Farg‘ona (4,8 promilledan 5,0 promillega) viloyatlarida kuzatildi.