O‘zbekiston Musulmonlari idorasi AQSh davlat departamentining xulosalariga raddiya berdi. Davlat departamentiga ko‘ra, O‘zbekiston hamon “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” mamlakatlar sirasiga kiradi. Shu bilan mamlakat mo‘min-musulmonlarning haqli e'tiroziga sabab bo‘ldi. 2018 yil 4 yanvar kuni Departament tomonidan e'lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu ro‘yxatdan Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni ham joy olgan.

O‘zMI raddiyasida aytilishicha, bugungi O‘zbekistonni ushbu ro‘yxatga kiritilishi yanglishdir. Jumladan unda shunday deyiladi:

“O‘tgan bir yil davomida diniy sohada eng ko‘p o‘zgarish va yengilliklar bo‘ldi. Ezgulik va xushxabarlarga limmo-lim bo‘ldi. Haqiqatan, e'tiqod borasida to‘planib qolgan masalalar yechimini topish, ushalmas orzu bo‘lib turgan istaklarning ro‘yobi borasida juda ham katta ishlar qilindi. Shaxsan Prezidentning sa'y-harakati bilan Islom dini qadriyatlarini asrab-avaylash, diniy savodxonlikni oshirish va dinimizning ezgu ta'limotlarini keng targ‘ib etish maqsadida, ulkan ishlar qilindi. Buni aniq misollarda bayon qiladigan bo‘lsak, jumladan:

Islom sivilizatsiyasi markazi va 2 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ish boshladi.

Islomiy ta'lim muassasalari soni 11 taga yetkazildi. Buxoroda Oliy madrasa tashkil etildi. Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo‘lim ochildi, diniy o‘quv yurtlari qoshida o‘quv kurslari yuritildi, Qur'oni karim qiroati bo‘yicha “Tahfizul Qur'on” guruhlari faoliyat boshladi, qabul kvotalari 150 foizga oshirildi.

Mamlakatimiz bo‘yicha 15 ta masjid qaytadan barpo etildi, 55 ta masjid kapital ta'mirlandi. Birgina Surxondaryo viloyatining olis hududlarida 4 ta yangi masjid ish boshladi, yana 4 tasini ochish rejaga kiritildi.

Internet saytlarida diniy fanlardan onlayn darslar tashkil etildi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol-javoblar rukni muntazam ishlab turibdi, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda diniy-ma'rifiy targ‘ibot jadal olib borilmoqda.

Prezidentning yuksak tashabbusi bilan o‘lkamizning tuman-shaharlarida Alloh taoloning kalomi Qur'oni karimni o‘z qalblariga jo qilgan qori va qoriyalar musobaqalari keng miqyosda bo‘lib o‘tmoqda.