19:46 / 15.01.2018
11540

O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni 24,3 foizga oshdi

15 yanvar kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan "O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati" mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va u jonli efirda translyatsiya qilindi. Matbuot anjumanida Qo‘mita raisi A.Abduhakimov O‘zbekistonning turizm salohiyatini tubdan yangilash, tizimda yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib qilish, xavfsiz turizm konsepsiyasi, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi, 2018 yilgi rejalar, turizmni rivojlantirishdagi huquqiy asoslar, milliy turizm mahsulotlari va brendlarini xalqaro turizm bozoriga kirib borishini ta'minlash to‘g‘risida axborot berdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 million 520 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan. Bu 2016 yilga nisbatan 24,3 foizga ko‘p demakdir. Shu bilan birga, turizm xizmatlari eksporti 2016 yilga nisbatan 24 foizga oshib, 1 milliard 557 million dollarni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil davomida 101 ta joylashtirish vositasi va 128 ta turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilgan. Hozirga kelib ularning soni 851 ta joylashtirish vositasi va 561 ta turoperatorni tashkil qilmoqda.

Hozirda turoperatorlik va mehmonxona faoliyatini setifikatlashning tasdiqlangan yangi nizomi bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida jami 442 ta turizm xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari, ya'ni 221 ta mehmonxona va 221 ta turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi sub'yektlar sertifikatlangan bo‘lsa, turizm faoliyati sub'yektlarini litsenziyalashning yangi nizomi asosida jami 128 ta tadbirkorlik sub'yektlariga turoperatorlik faoliyatini amalga oshirish xuquqini beruvchi litsenziyalar taqdim qilindi.

Bugunga qadar Turizm sohasidagi kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish Respublika markazi tomonidan 1060 nafar mutaxassis: 298 nafari qayta tayyorlandi, 292 nafari malakasi oshirildi, 470 nafari seminar va master-klasslarda ishtirok etdi.

Top