20:30 / 15.01.2018
24973

Jizzaxda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha yangicha usul joriy etilmoqda

Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan yangicha usuldagi targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda Jizzaxdan «Kun.uz» muxbiri Akmal Binokulov xabar bermoqda.

Xususan, viloyat hududining serqatnov yo‘l yoqalariga va fuqarolar ko‘p to‘planadigan joylarga viloyat hududidagi muntazam YPX maskanlariga va Jizzax shahar hududiga harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida xizmatga jalb etilgan xodimlar tomonidan 5000dan ziyod haydovchilarga «Haydovchi shoshilma, seni uyda oilang kutmoqda» shiori ostida tayyorlangan bukletlar tarqatildi. Serqatnov yo‘l yoqalarida joylashgan ta'lim muassasalari oldida o‘quvchi yoshlarning dars mashg‘ulotlariga kelish va ketish vaqtlarida harakat xavfsizligini ta'minlash va haydovchilarni ogohlikka da'vat etish maqsadida «Targ‘ibot avtomashinasi» va ko‘ngilli yoshlardan iborat guruhlar tuzilib, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Haydovchilarni ogohlikka chorlash maqsadida viloyat hududidagi mavjud yengil turdagi yo‘lovchi tashuvchi transport vositalariga «Piyodalar yo‘lkasida farzandingiz», «Haydovchi piyodani hurmat qil», «Mast holatda transport boshqarma», «Bolalarni asraylik», «Haydovchi tezlikni oshirma» shiori ostidagi pannolar o‘rnatildi.

Viloyat hududida yo‘lovchi tashuvchi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi avtokorxonalarga tegishli bo‘lgan yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarning saloniga piyodalarni ogohlikka da'vat etuvchi «Erinchoqligingiz sababli hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang», «Piyoda sifatida harakat madaniyatiga qat'iy amal qiling», «Doimo piyodalar yo‘lkasidan harakatlaning», «Yo‘lni kesib o‘tayotganda xayolni chalg‘ituvchi vositalardan foydalanmang», «Hamisha yo‘lni avtobusning orqa tomonidan kesib o‘ting» shiori ostidagi pannolar ishlab chiqilib o‘rnatildi.

Soha xodimlari tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Top