O‘zbekiston | 22:48 / 16.01.2018
35468
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank 2018 yilda bajarilishi rejalashtirilgan 6ta asosiy vazifani ma'lum qildi

16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki 2018 yil uchun asosiy va ustuvor vazifalarni e'lon qildi. Bu haqda MB Axborot xizmati xabar qildi.

Birinchidan, 2018 yilda birinchi navbatda inflyatsiya darajasiga monetar omillarning oldini olishga qaratilgan pul-kredit siyosatining qat'iy kursi davom ettiriladi. Iqtisodiyotning kreditlarga ehtiyoji hisobga olingan holda 2018 yilda pul massasi o‘sishi sur'atlarini 12–14 foiz darajada ushlab turish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun barcha zarur sharoitlarni shakllantirish bo‘yicha ishlar faol olib boriladi. Shu maqsadda XVFning texnik missiyasini jalb etish asosida 2018 yilning birinchi choragida «Pul-kredit siyosatini rivojlantirish va amalga oshirishning o‘rta muddatli konseptsiyasi»ni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta oldi-sotdisi tartibini yanada takomillashtirish va soddalashtirish, bank operatsiyalaridan foydalanish darajasini kengaytirish bo‘yicha choralar qo‘llaniladi, jumladan:

a) xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini masofadan turib o‘tkazish mexanizmini joriy etish (banklarning mobil ilovalari orqali milliy va xorijiy valyutadagi to‘lov kartalari o‘rtasidagi konversiya);

b) mamlakat ichida konversion to‘lov kartalaridan naqd xorijiy valyuta yechib olishga ruxsat berish va tegishli bankomatlar tarmog‘ini ko‘paytirish.

Uchinchidan, naqd pul muomalasini takomillashtirish vazifalari doirasida muomaladagi banknotlar tuzilmasini optimallashtirish ishlari davom ettiriladi. Milliy valyutadan foydalanishda qulaylikni oshirish maqsadida yirikroq nominaldagi banknotlarni muomalaga chiqarish hamda mayda kupyuralarni 50,100, 500 so‘mlik yangi namunadagi tangalarga almashtirish hamda 200 so‘mlik tangalarni chiqarish masalasi ko‘rib chiqiladi.

To‘rtinchidan, zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishga sharoitlar yaratish uchun innovatsion bank texnologiyalarini joriy etish faollashtiriladi, jumladan, «raqamli» banklar faoliyati tashkillashtiriladi, chakana xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan bank bo‘linmalari, masofadan turib bank xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, to‘lov tizimini yanada rivojlantirish yo‘lga qo‘yiladi.

Beshinchidan, moliyaviy xizmatlar o‘rnatilgan talablarga mos kelishi yuzasidan tekshirishlar o‘tkazish yo‘li bilan iste'molchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish, ularning moliyaviy savodxonligi darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Oltinchidan, O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonunlari loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqiladi:

«O‘zbekiston Respublikaci Markaziy banki to‘g‘risida» — milliy iqtisodiyotni keng miqyosda isloh qilish doirasida pul-kredit siyosati va bank nazoratini takomillashtirish zaruriyatini hisobga olib;

«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida» — banklar va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida to‘laqonli sheriklik munosabatlarini shakllantirish uchun raqobat sharoitlarini yaratish va aholi o‘rtasida bank tizimiga ishonchli sherik sifatida ishonch uyg‘otish;

«Valyutaviy tartibga solish to‘g‘risida» — valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan choralar ta'siri tahlilidan kelib chiqib, investitsion iqlim va biznes-muhitni yaxshilashga yo‘naltirilgan valyuta siyosatini takomillashtirish.

Valyuta bozori, pul muomalasi, monetar siyosat va bank sektorining batafsil sharhlari har bir mavzu bo‘yicha yaqin kunlarda taqdim etiladi.

Mavzuga oid