00:52 / 17.01.2018
8773

2017 yilda fuqaro murojaatlarini o‘rgangan organ va faol yoritgan OAV aniqlanmoqda

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etilishida va yoritilishida faollik ko‘rsatilgan vazirlik va idoralar, OAV vakillarini aniqlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi tomonidan keng jamoatchilik ishtirokida onlayn so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.

So‘rovnoma Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida fuqarolar murojaatlari bilan samarali ish olib borganlarni aniqlash maqsadida 2018 yilning 17 yanvar kuni yakuniga qadar to‘rtta: Aholi bilan samarali muloqot olib borgan xalq qabulxonasi​, Fuqarolarning murojaatlari va ularning muammolarini hal etishda samarali ish olib borgan davlat organi, Fuqarolar murojaatlari natijalarini eng faol yoritib borgan OAV​, Fuqarolar murojaatlari natijalarini eng faol yoritib borgan elektron OAV nominatsiyalari bo‘yicha ​o‘tkaziladi. G‘oliblar 18 yanvar kuni davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolar ishtirokiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida taqdirlanadi.

17 yanvargacha onlayn so‘rovnomada ishtirok etish imkoniyati mavjud bo‘lib, mazkur so‘rovnomada ishtirok etishni istagan internet foydalanuvchilari muloqot.strategy.uz saytiga tashrif buyurishi hamda har bitta bandda ko‘rsatilgan nomzodlardan birini qo‘llab-quvvatlashi so‘raladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi inson manfaatlarini ta'minlash, eng avvalo, odamlar bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish va hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi farmoni asosida tashkil etilgan edi.​

O‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur qabulxonalarga bir yarim milliondan ziyod fuqaro murojaat qilib, ularning 96 foizi ko‘rib chiqilgani hamda qariyb 70 foizi qanoatlantirildi.​

Top