16:31 / 17.01.2018
19048

2017 yilda o‘zbekistonliklarni asosan qanday muammolar tashvishga soldi?

Foto: KUN.UZ

 «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan  “O‘zbekiston: jamoatchilik fikri - 2017” mavzusida sotsiologik so‘rov o‘tkazildi.

Unda jami mamlakatning barcha mintaqalarida 18 yosh va undan katta yoshdagi 1100 nafar kishi so‘raldi, ularning 49,1%i erkaklar va 50,9%i xotin-qizlar. 

Jamoatchilik fikri so‘rovi jarayonida Davlat Rahbari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilingan 2017 yilda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga fuqarolar bergan baho aniqlandi. Fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi – 94,9%i mamlakatdagi  joriy ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni “barqaror” deb baholaydi.

Fuqarolar shunga ishonadilarki, «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da boshlangan va davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, har bir fuqaroning, har bir oila va jamiyatning manfaatlarini himoya qilish va ta'minlashga qaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar kelajakda ham davom ettiriladi. 

O‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi (90,6%) shunga ishonch bildirdilarki,  davlat rahbari tomonidan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»  deb e'lon qilingan 2018 yilda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yaxshilanadi,  ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishda yuqori natijalarga erishiladi, aholi daromadlarining o‘sishi,  fuqarolar hayoti sifati va darajasining oshishi ta'minlanadi.

So‘rovning 80%dan ortiq ishtirokchilari, umuman olganda, davlat va jamiyat hayotining ko‘pchilik sohalaridagi taraqqiyotdan, jumladan, mamlakatda tinchlik, xotirjamlik va tartibni saqlashga qaratilgan choralardan, aholi shaxsiy xavfsizligining ta'minlanganligi darajasining oshganligidan,  iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish va amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek,  xususiy mulk va  tadbirkorlik huquqlarini himoya qilishning  ta'minlanganligidan qoniqadilar.   

Jamoatchilik fikri so‘rovi shuni ko‘rsatdiki,  2018 yilda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar va jahon hamjamiyati bilan o‘zaro munosabatlarida rivojlanishning yangi bosqichi boshlandi. Fuqarolarning hisoblashicha, davlat rahbari rahbarligida mamlakatimiz xalqaro maydonda o‘z mavqeini ancha mustahkamladi,  xorijiy hamkorlar bilan  har tomonlama o‘zaro foydali va amaliy hamkorlik yanada rivojlanishda davom etdi. Mamlakat prezidentining qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni faollashtirish,  ular bilan yaxshi qo‘shnichilik,  do‘stlik, sherikchilik munosabatlarini o‘rnatish, shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari o‘zbekistonliklar tomonidan ijobiy qabul qilindi.

So‘rov ishtirokchilarining fikricha, mamlakat xalqaro nufuzining mustahkamlanganligi, jahon hamjamiyatida O‘zbekiston obro‘sining oshganligi o‘tgan yilda tashqi siyosat sohasida O‘zbekiston erishgan bosh natijalar bo‘ldi.  Fuqarolarning 89,4%i shunga ishonadiki, mamlakat  prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda qo‘shni davlatlar va xalqaro siyosiy sahnaning yetakchilari bilan teng huquqli muloqot olib borishga imkon beruvchi samarali tashqi siyosat amalga oshirilmoqda. 

So‘rovning ko‘rsatishicha,  fuqarolarning  57,8%i O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar  o‘zlarining shaxsiy farovonligi  va  oilalarining moddiy ahvoliga  ijobiy ta'sir qilganligi haqida fikr bildirdilar. Harbiy xizmatchilar, davlat muassasalari va nodavlat tashkilotlarining xodimlari, tadbirkorlar, mamlakatning turli mintaqalaridagi fermerlar  o‘z moddiy ahvolining yaxshilanganligini va oilasi farovonligi oshganligini qayd qildilar

Ko‘pchilik fuqarolarning (90,5%) fikricha, ushbu yil ular uchun qulay, jamiyat va davlat hayotining ko‘p sohalarida, shuningdek, shaxsiy hayotda o‘zgarishlarga boy yil bo‘ldi. 2017 yilda, tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklar  «yaxshi,  ko‘tarinki» kayfiyatni ko‘proq his qildilar. Aholi o‘rtasida umumiy ijobiy kayfiyatning hamda joriy ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvoldan qoniqishning ustuvorlik qilishi,  fuqarolarning fikricha, turmush sharoitlari va sifatining yaxshilanishi, o‘zbekistonliklarning ertangi kunga ishonchi bilan bog‘liqdir.

Tadqiqot natijalari bo‘yicha 2017 yilda o‘zbekistonliklarni narxlar, kommunal xizmatlar va ijara  haqi, kreditlar, soliqlarni to‘lashdagi qarzlar tufayli kelib chiqqan  muammolar tashvishga soldi. Gaz, ichimlik suvi bilan ta'minlash masalalari, maktabgacha ta'lim muassasalarining yetishmasligi, yuqori bo‘lmagan pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar ham fuqarolarning ayrim toifalari uchun  tashvish va bezovtalik manbalari bo‘lib hisoblanadi. 

Mamlakat fuqarolari shunga ishonadilarki, aholining mavjud muammolari yaqin kelajakda asta-sekin hal qilinadi. So‘rov ko‘rsatganidek,  respondentlarning hisoblashicha, fuqarolarning hayoti sifatini yaxshilash,  aholining aniq daromadlarini oshirish maqsadlarida mamlakatdagi islohotlarni davom ettirish,  fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, kam ta'minlangan oilalar sonini kamaytirish;  yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining bandligini ta'minlash bo‘yicha ishlarni o‘tkazish zarur.

Mutlaq ko‘pchilik fuqarolarning (82,9%)  fikricha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Virtual qabulxonasining va mamlakatning barcha mintaqalarida «Xalq qabulxonalari»ning  tashkil etilishi 2017 yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi,  u davlat organlarining aholi bilan o‘zaro hamjihatligini tubdan o‘zgartirdi hamda har bir inson va mamlakat fuqarosi uchun muhim bo‘lgan muammolarni amaliy hal qilishning ta'sirchan vositasiga aylandi. 

So‘rovning ko‘rsatishicha, fuqarolarning 83%i o‘zlarini baxtli deb hisoblashadi. Mamlakatdagi tinchlik, oiladagi farovonlik va mehr-muhabbat, yaqin kishilarning salomatligi, Vatanimizda yuz berayotgan hamda yurtning, oila va farzandlarning yorug‘ kelajagiga ishonch uyg‘otayotgan yangilanish jarayoni ularga baxt tuyg‘usini his qilishga imkon beradi.

Tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi o‘z hayotlarining qanday kechayotganidan qoniqadilar. So‘rov ishtirokchilarining 80%dan ortig‘i shunga ishonch bildirdilarki,  2018  yil – «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» yanada muvaffaqiyatli bo‘ladi,  qo‘yilgan maqsadlar va vazifalarga esa erishiladi.

So‘rovning ko‘rsatishicha, ishtirokchilarning mutlaq ko‘pchiligi (90,2%) mamlakat prezidenti o‘tkazayotgan siyosat aholining orzu-umidlarini to‘la oqladi, degan fikrni bildirdilar. Davlat Rahbari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va 2017 yilda mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy soha, fan va ta'lim, axborot-kommunikativ texnologiyalari,  sanoat,  sud-huquq tizimi,  fermerlik va tadbirkorlik,  uy-joy qurilishini isloh qilish va modernizatsiyalash, investitsiyalar jalb qilish  bo‘yicha   erishilgan natijalar  fuqarolarning orzu-umidlariga mos keladi. 

Mutlaq ko‘pchilik fuqarolarning (93,7%) hisoblashicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev  yuksak obro‘ga va xalqning ishonchiga sazovor bo‘lmoqda, u  mamlakatning davlat taqdiri va aholi farovonligi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan yetakchisi bo‘lib hisoblanadi. 

Top