22:33 / 17.01.2018
97943

Eng ko‘p qo‘yilgan ismlar, to‘qqizinchi farzandini tuqqan jizzaxlik ayol va eng og‘ir chaqaloq. O‘tgan yil raqamlarda

Foto: Sputnik

2017 yilda O‘zbekistonda 722 094ta tug‘ilish qayd etildi. Bu esa 2016 yilgiga nisbatan 10 ming 490taga kam (14 foizlik pasayish). Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi "Huquqiy axborot" kanalida xabar berilgan.

Adliya vazirligining FXDYo sohasidagi tahlillari natijalariga ko‘ra, o‘tgan yilda 375 ming 192 nafar o‘g‘il bola, 346 ming 894 qiz bola tug‘ilgan.

Respublika miqyosida eng ko‘p tug‘ilish Samarqand viloyatida qayd etildi - 89 ming 637ta (12,4 foiz). Eng ko‘p chaqaloq tug‘ilgan shahar - Namangan shahri bo‘ldi - 14 ming 992 nafar (2 foiz).

2017 yil davomida Qashqadaryo viloyatida boshqa viloyatlardagiga nisbatan o‘g‘il bolalar qiz bolalardan ko‘proq tug‘ilishi kuzatildi (3395 nafarga ko‘p yoki 9,4 foiz).

Yolg‘iz ona sifatida tug‘ish ko‘rsatkichlari Xorazmda kamaygan (183taga, 0,9 foiz). Shuningdek, Farg‘ona (175taga, 0,8 foiz) va Buxoro (127taga, 0,6 foiz) viloyatlarida vaziyat yaxshilangan. Samarqand (253taga ko‘paygan, 1,2 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (120taga, 0,6 foiz) va Toshkent viloyati (104taga, 0,5 foiz) yolg‘iz onalar tug‘ishi holatlari ortgan.

2017 yilda respublika bo‘yicha 14 ming 382 nafar egizaklar dunyoga kelgan bo‘lib, bu umumiy tug‘ilishlar sonining 1,9 foizini tashkil qiladi.

O‘tgan yilda tug‘ilgan eng og‘ir vaznli qiz - 9,8 kilogramm tosh bosgan, 70 santimetrli eng uzun bo‘yli o‘g‘il bola tug‘ilgan.

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi ayol to‘qqizinchi farzandini dunyoga keltirgan.

2017 yilda tug‘ilgan qizlarga qo‘yilgan eng ko‘p ism - Madina bo‘ldi, o‘g‘il bolalarga eng ko‘p qo‘yilgan ism - Azizbek.

2017 yil davomida 138 oilada 3 nafardan iborat egizaklar tug‘ilishi qayd etildi, shuningdek, bir marta, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida 4 nafar boladan iborat egizaklar tug‘ildi.

Top