09:53 / 18.01.2018
4800

5 yilda 30 mlrd dollar. Apple AQSh bo‘yicha rejalarini oshkor qildi

Foto: Apple

AQShning Apple korporatsiyasi yaqin besh yil davomida Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotiga 30 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni yo‘naltirmoqchi, shuningdek, ikkinchi qarorgohini ochmoqchi. Bu haqda kompaniya xabarida aytiladi.

"Apple AQShga keyingi besh yil davomida 30 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni yo‘naltirmoqchi hamda 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini tashkil etmoqchi, kompaniya xodimlarni hozirgi kampusga, shuningdek, yangisiga yollash niyatida", - deya ta'kidlanadi bayonotda. Ayni damda AQShda Apple’ning taxminan 84 ming xodimi bor.

Korporatsiyaning bildirishicha, yangi kampus AQSh hududida quriladi, avvaliga u yerda texnik qo‘llab-quvvatlov mutaxassislari ishlaydi. Ikkinchi qarorgohning qurilishi uchun aniq joy keyinroq ma'lum qilinadi. Apple’ning hozirgi kampusi Kaliforniya shtatidagi Kupertino shahrida joylashgan. Kompaniya AQShda ma'lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shimcha markazlarni ham tashkil etmoqchi, ularning qurilishiga 10 mlrd dollar yo‘naltiriladi.

Apple’dan ta'kidlashlaricha, yangi investitsiya, shuningdek, hozirgi loyihalar va xarajatlar e'tiborga olinsa, korporatsiyaning AQSh iqtisodiyotiga yo‘naltiradigan sarmoyasi yaqin besh yil davomida 350 mlrd dollardan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, taxminan 252 mlrd dollarlik xorijiy kapitalga ega bo‘lgan Apple ular uchun AQShda 38 mlrd dollarlik soliqlarni to‘lash niyatida. Bu kompaniya ko‘rsatilgan kapitalni AQShga qaytarmoqchi bo‘lgani uchun kerak.

Mavzuga oid
Top