23:00 / 18.01.2018
109703

Aqto‘beda halok bo‘lganlarning 30 nafarining shaxsi aniqlandi

Bugun, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblastida sodir bo‘lgan fojia sabablarini o‘rganish uchun O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida tashkil etilgan Maxsus hukumat komissiyasi ayni vaqtda Qozog‘istonda bo‘lib turibdi.

Bugun tongda Akto‘be oblasti Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yo‘lovchi avtobus yonib ketdi. Setra rusumli avtobus (dastlabki xabarlarda bu «Ikarus» bo‘lgani aytilgandi) boshqa transport vositasi bilan to‘qnashmagan, harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l olgandi. Avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi undan chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan. OAVda qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma'lum qilindi.

Omon qolgan 5 kishidan ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani ma'lum. Ayni vaqtga kelib ularning shaxsi aniqlangan. Ular 1988 yilda tug‘ilgan Ahror Isakov va 1980 yilda tug‘ilgan Isroiljon Mirzaahmedov bo‘lib, ularning ikkisi ham Namangan viloyatida istiqomat qilishadi. 

Maxsus komissiya tarkibidagi manba Kun.uz nashriga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lgan 52 kishidan 31 nafarining shaxsi aniqlangan. Ularning aksar qismi Namangan viloyatidan bo‘lgan.

Yaqin vaqtlar ichida shaxsni aniqlash ishlari yakunlanib, marhumlarning ro‘yxati e'lon qilinishi kutilmoqda.

Mavzu
Aqto‘beda fojia

Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusi yonib ketishi oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘ldi. Ular O‘zbekiston fuqarolari edi

Barchasi
Top